NKMK IPO’si qoldirdi — Bloomberg
Agentlik manbalariga ko‘ra, hukumat strategik aktiv hisoblangan kombinatni birjaga chiqarish masalasida ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda.
© Foto: gettyimagesO‘zbekistonning eng yirik kompaniyalaridan biri, yirik soliq to‘lovchi — Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) IPO’si vaqtincha to‘xtatildi.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, hukumat dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan kompaniyani qachon birjaga olib chiqish bo‘yicha yakuniy qarorga kelmagan.
NKMK aksiyalarini London va Toshkent fond birjalarida joylashtirish rejalashtirilgandi. Biroq jarayon hozircha «pauza»ga qo‘yilgan. IPO ishlari qachon qayta boshlanishi noma’lum.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yilda imzolagan farmonda davlat ulushi mavjud yirik kompaniyalarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish rejalari belgilangan edi. Ushbu ro‘yxatda birinchi nomlardan biri aynan NKMK bo‘lgan.
Kompaniya bugungi kunda strategik aktiv hisoblanadi. Kombinat 2025 yilda 3,2 mln unsiya oltin ishlab chiqarib, dunyodagi to‘rtinchi yirik oltin ishlab chiqaruvchiga aylangan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha undan Kanada va AQSHdagi konlar oldinda.

Kompaniyaning moliyaviy natijalari ham keskin o‘sgan. 2025 yil yakunida NKMK daromadi 46 foizga oshib, 10,8 mlrd dollarga yetgan. Soliqlardan oldingi foyda esa 71 foiz o‘sib, 6,1 mlrd dollar bo‘lgan.
Shuningdek, sof foyda 2024 yilga nisbatan 64 foizga o‘sib, 3,5 mlrd dollarni tashkil qildi.
Bloomberg’ning avvalgi xabarlariga ko‘ra, hukumatni xavotirga solayotgan asosiy masalalardan biri — IPO’dan keyin davlat budjetiga keladigan dividendlar kamayishi mumkinligi.
Sababi NKMK hozir O‘zbekiston budjeti va oltin-valuta zaxiralari uchun eng muhim manbalardan biri hisoblanadi.

2026 yilgi davlat budjeti prognozlariga ko‘ra, NKMK tomonidan to‘lanadigan soliq tushumlari mamlakat budjetining 20,2 foizini tashkil qilishi kutilmoqda. Bu kombinat uchun so‘nggi yillardagi rekord ko‘rsatkich.
Ayni paytda O‘zbekiston xalqaro kapital bozorlariga chiqish bo‘yicha boshqa loyihalarni davom ettirmoqda.
Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO jarayonida aksiyalarining 31 foizini qariyb 603,6 mln dollarga sotdi. Aksiyalar 18-maydan boshlab fond birjasida erkin muomalaga chiqarilishi kutilmoqda.
Yaqin kelajakda Uzbekistan Airways, «Navoiyuran» kabi davlat tashkilotlari, TBC Uzbekistan va Uzum kabi xususiy kompaniyalar ham IPO o‘tkazishni reja qilgan.





