add

Nobel qo‘mitasi tinchlik mukofotini Trampga topshirishni rad etdi

Kecha 17:002 daqiqa

Norvegiya Nobel qo‘mitasi tinchlik mukofotini boshqa shaxsga topshirish qoidalarga zid ekanini bildirdi.

Nobel qo‘mitasi tinchlik mukofotini Trampga topshirishni rad etdi

Norvegiya Nobel qo‘mitasi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini boshqa shaxsga, jumladan AQSH prezidenti Donald Trampga o‘tkazish imkoniyatini qat’iy rad etdi. Qo‘mita bu qarorni Nobel jamg‘armasi Nizomining 10-bandiga tayanib izohlab, mukofot bir marta berilgach, u abadiy kuchda qolishini ta’kidladi.

Qo‘mita bayonotida qayd etilishicha, mukofot beruvchi tashkilot qarori ustidan shikoyat qilish mumkin emas. Shuningdek, Nobel mukofoti na qaytarib olinadi, na taqsimlanadi va na boshqa shaxslarga topshiriladi. Qaror e’lon qilinganidan keyin u o‘zgarmas hisoblanadi.

Aniqlik kiritilar ekan, qo‘mita Stokgolm va Osloda faoliyat yurituvchi mukofot beruvchi idoralar hozirgacha biror laureatdan mukofotni qaytarib olish masalasini ko‘rib chiqmaganini bildirdi. Biroq bu holat qo‘mita laureatlarning keyingi faoliyatini kuzatmasligini anglatmaydi, deyiladi bayonotda.

2025 yil oktabr oyida tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoga «Venesuelada demokratiyani targ‘ib qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun» topshirilgan edi. Donald Tramp ham ushbu mukofotga nomzod sifatida ko‘rsatilgan, ammo g‘olib bo‘lmagan.

2026 yil 3-yanvar kuni AQSH prezidenti topshirig‘i bilan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib, Nyu-Yorkka olib ketilgani haqida xabar tarqaldi. Ularga nisbatan narko-terrorizm ayblovi qo‘yilgani aytildi.

Mazkur operatsiyadan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tramp Machadoning yetakchilik salohiyatiga shubha bildirib, uni mamlakatni boshqarish uchun yetarli tajribaga ega emas, deb baholadi. Shu voqealar ortidan Machado 6-yanvar kuni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini Trampga topshirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Uning bu bayonotidan so‘ng 9-yanvar kuni AQSH prezidenti Machadoni Venesuelani boshqarish jarayonlariga jalb etish mumkinligini bildirdi. Aynan shu fon ortida Norvegiya Nobel qo‘mitasi o‘zining qat’iy pozitsiyasini e’lon qildi.

Teglar

Mavzuga oid