Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari davlat xizmati orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi

23.02.2026 | 10:562 daqiqa

Hukumat qarori bilan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini ochish uchun kamida uch nafar sertifikatli sud eksperti shart emas.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari davlat xizmati orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi

2026 yil 20-fevralda qabul qilingan 73-sonli Hukumat qaroriga muvofiq, nodavlat sud-ekspertiza sohasini tartibga soluvchi yangi normalar tasdiqlandi va faoliyat yuritish jarayoni yengillashtirildi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari notijorat tashkilot sifatida tashkil etiladi

Qarorga ko‘ra, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari endi notijorat tashkilot sifatida yoki yakka tartibda sud-ekspertlik byurosi shaklida tashkil etilishi mumkin. Ilgari bunday tashkilotni ochish uchun kamida uch nafar sertifikatga ega sud eksperti talab etilar edi. Yangi tartib bu cheklovni bekor qildi.

Shu bilan birga, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish davlat xizmati sifatida joriy etildi. Ular Davlat xizmatlari markazlari orqali tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimi asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Nodavlat sud eksperti bo‘lish istagidagi shaxslar qo‘shimcha ta’lim beriladi

Qarorda nodavlat sud eksperti bo‘lish istagidagi shaxslarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va qo‘shimcha ekspertiza turlari bo‘yicha o‘qitish tartibi ham belgilandi. Ta’lim jarayoni amaliyotga yaqinlashtirilib, o‘quv rejasining 40 foizi nazariy, 60 foizi esa amaliy mashg‘ulotlarga ajratiladi. Nazariy qism davlat ta’lim muassasalarida, amaliy qism esa davlat sud-ekspertiza muassasalarida tashkil etiladi.

Bundan tashqari, sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reyestri yuritiladi. Ushbu reyestrga kiritish ham davlat xizmati orqali amalga oshiriladi.

Qaror asosida Adliya vazirligi huzurida Ekspert-malaka komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. U nodavlat sud ekspertlarining kasbiy va amaliy tayyorgarligini baholaydi hamda ularning ehtimoliy qonunbuzarlik holatlarini xolis ko‘rib chiqishni ta’minlaydi.

Teglar

Mavzuga oid