Logo

Octobank Humans'ga qarshi 500 mlrd so‘mlik da’vo arizasi bilan sudga murojaat qildi

12.06.2025 | 12:453 daqiqa

«Octobank» AJ «Humans» MCHJ bilan o‘zaro hisob-kitoblar hamda moliyaviy servis doirasidagi barcha operatsiyalarni 2025 yil 13 iyun kuni soat 18:00 dan boshlab to‘xtatishini rasman ma’lum qildi.

Octobank Humans'ga qarshi 500 mlrd so‘mlik da’vo arizasi bilan sudga murojaat qildi
Bank bu qarorni «Humans» tomonidan shartnomaviy majburiyatlarni muntazam ravishda buzishi va xizmatlar uchun to‘lovlarni kechiktirishi bilan izohlamoqda. Shu munosabat bilan «Humans Visa» kobrending bank kartalari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatiladi. «Octobank» mijozlarga murojaat qilib, kartalardagi pul mablag‘lari «Humans»ning avtomatlashtirilgan hisob tizimidagi shaxsiy hisobvarag‘larga o‘tkazilganini va ularni qaytarish uchun «Humans»ga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish zarurligini eslatdi. 2020 yildan buyon amal qilgan hamkorlik shartnomasi doirasida «Octobank» o‘z majburiyatlarini bajarganini ta’kidlamoqda. Biroq, «Humans» tomonidan amalga oshirilgan kliring operatsiyalari bo‘yicha bank mablag‘lari o‘z vaqtida qaytarilmagan va bankka tegishli komissiya to‘lanmagan. Shuning uchun «Octobank» Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga 500 mlrd so‘mdan ortiq summadagi qarz va zararni undirish bo‘yicha da’vo arizasi kiritdi. Kobrend kartalar orqali amalga oshirilgan barcha to‘lovlar va hisob-kitoblar «Humans»ning mobil operator sifatidagi xizmatlar tuzilmasi orqali amalga oshirilgan bo‘lib, kartadagi mablag‘lar shaxsiy hisobvarag‘larda saqlanadi. Bu mablag‘larni bank emas, balki «Humans» boshqaradi, deya xabar bergan «Octobank» o‘z баёнотида. Bank, qolaversa, amaldagi qonunchilikka rioya qilgan holda faoliyatni to‘xtatish jarayonini amalga oshirmoqda. Avvalroq Humans kartalari bilan bog‘liq vaziyatga Octobank tomonidan batafsil tushuntirish berilgan edi.

Mavzuga oid