add

«Ofsayd»: Turkiya futbolidagi yuzlab amaldorlar qimor o‘yinlari tufayli javobgarlikka tortildi

07.01.2026 | 22:552 daqiqa

212 nafar mutasaddi va yuzlab hakamlar noqonuniy bukmekerlikda ayblanmoqda. UEFA va Interpol tergovga qo‘shildi.

«Ofsayd»: Turkiya futbolidagi yuzlab amaldorlar qimor o‘yinlari tufayli javobgarlikka tortildi

Turkiya futbol federatsiyasi so‘nggi besh yil davomida o‘yinlarga noqonuniy pul tikish bilan shug‘ullangan 212 nafar professional klub mutasaddilarini aniqladi. Ushbu yirik tekshiruv natijasida yuzlab murabbiy va menejerlar intizomiy jazoga tortilish arafasida turibdi, bu esa mamlakat sportidagi eng yirik korrupsion mojarolardan biriga aylandi.

TRT Haber telekanali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya futbol federatsiyasining (TFF) intizomiy kengashi oldida 108 nafar murabbiy va 104 nafar klub menejeri javob beradigan bo‘ldi. Federatsiya allaqachon ushbu shaxslarning ro‘yxatini e’lon qilgan bo‘lib, ular futbol etikasi va qonunchilikni qo‘pol ravishda buzganlikda ayblanmoqda. Mazkur holat Turkiyadagi professional klublarning boshqaruv tizimida jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Bu Turkiya futbolidagi birinchi yirik chetlatish emas. 2025 yilning noyabr oyida federatsiya xuddi shunday ayblovlar bilan 149 nafar hakamni turli muddatlarga faoliyatdan chetlatgan edi. O‘shanda intizomiy kengash hakamlarga nisbatan sakkiz oydan 12 oygacha diskvalifikatsiya jazosini qo‘llagan. Bu choralar tizimni noqonuniy qimor o‘yinlari ta’siridan tozalash yo‘lidagi dastlabki qadamlar bo‘lgan edi.

Federatsiya prezidenti Ibrohim Hojiosmono‘g‘lining ta’kidlashicha, davlat idoralari ma’lumotlariga tayangan holda o‘tkazilgan surishtiruvlar dahshatli raqamlarni yuzaga chiqargan. Ma’lum bo‘lishicha, mamlakat professional ligalarida faoliyat yuritayotgan 571 nafar hakamdan 371 nafarining bukmekerlik idoralarida shaxsiy hisob raqamlari bo‘lgan. Ulardan 152 nafari esa doimiy ravishda futbol o‘yinlari natijalariga pul tikib kelgan.

Tekshiruvlar ko‘lami yanada kengayishi kutilmoqda, chunki The Athletic nashri mingga yaqin futbolchi ham intizomiy kengash oldida javob berishi mumkinligini xabar qilgan. Istanbul bosh prokurori Aqin Gurlekning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya hukumati Interpol va UEFA bilan hamkorlikda tergov harakatlarini davom ettirmoqda. Buning natijasida bir qator futbol klublari rahbarlarining hibsga olinishi ehtimoli mavjudligi aytilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid