
Olimlar tamaki chekish sochlarga ziyonli ekanligini aniqlashdi
Nikotin inson DNKisini buzishini va hatto bitta sigareta ham soch to‘kilishiga olib kelishi aniqlandi. Erkaklarda ham, ayollarda ham.

Sigareta nafaqat o‘pka va yurakni zaharlar ekan, balki sochlarning ham to‘kilishiga va oq sochlarning paydo bo‘lishiga xizmat qilar ekan. Yangi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqda: hatto kam miqdordagi nikotin ham androgenetik alopetsiyani — ya’ni irsiy soch to‘kilishi jarayonini faollashtiradi.
Olimlar ta’kidlashicha, tamaki tutunidagi moddalar qon aylanishini sekinlashtiradi. Bu esa sog‘lom soch o‘sishi uchun hal qiluvchi omil. Shu bilan birga, nikotin va boshqa zararli moddalar DNK va soch follikullasini zararlaydi — natijada yangi sochlar chiqishi keskin kamayadi.
Ayniqsa, gormonal o‘zgarishlar xavfli hisoblanadi. Sigareta steroyd gormonlar, jumladan androgenlar darajasini oshiradi. Ulardan biri — digidrotestosteron soch follikullarini kichraytiradi va sochning hayot davrini qisqartiradi. Bu esa erta kallikni qo‘zg‘atadi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, sigareta chekadiganlarning 50 foizi 30 yoshga yetar-yetmas oq sochlar ko‘payishiga duch kelishgan. Qizig‘i shundaki, hatto kuniga faqat bir dona sigareta chekkanlar ham xavf guruhiga kirgan. Ya’ni, «kamroq cheksam bezarar», degan qarash umuman ish bermaydi.
Muammo faqat erkaklarga tegishli emas. Ayollarda ham sigareta estrogen gormoni darajasini tushirib yuborib, soch to‘kilishiga sabab bo‘ladi.





