Oltin quymalari rekord darajaga chiqdi

03.03.2026 | 14:112 daqiqa

Quymalar so‘nggi bir yilda qariyb ikki barobar qimmatladi. Poytaxdagi banklarning aksariyatida oltin quymalari deyarli qolmagan.

Oltin quymalari rekord darajaga chiqdi

Markaziy bank 3-mart kuni O‘zbekistonda oltin quymalarining narxini belgiladi. Quymalar narxi yangi rekordni o‘rnatdi.

5 gr ko‘rinishidagi oltin quymalari birinchi marta 10 mln 864 ming so‘mga chiqdi. Natijada, 29-yanvar kunidagi rekord yangilandi.

photo_2026-03-03_14-10-25

100 gr oltin quyma narxi esa 217 mln 281 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Bu ko‘rinishdagi quymalar bundan bir yil avval, 2025-yil yanvarida 116,6 mln so‘m narxda sotuvga chiqarilgandi.

Bir yildan biroz ko‘proq vaqt ichida quymalar narxi deyarli ikki barobar oshdi.

Oltin quymalarini banklardan sotib olish va yana banklarga qaytarib sotish mumkin. Banklar uchun qaytarib sotib olish narxi quymaning qadog‘i butligiga qarab real narxdan 4 yoki 5 foiz pastroq bo‘ladi.

Banklardagi quymalar qoldig‘i haqida ma’lumotni Markaziy bank rasmiy saytidan olsa bo‘ladi. Ayni paytda Toshkent shahrida Xalq bankining Yakkasaroy filialida eng ko‘p oltin quymani topsa bo‘ladi. Qolgan banklarda quymalar deyarli qolmagan.

Jahonda oltin quymalari narxi kecha, 2-mart kuni troya unsiyasida 5 420 dollargacha ko‘tarildi. Rekord deyarli 5 600 dollar edi.

Biroq, ayni paytda narx 5 300 dollargacha pasaygan. Narx shu turishda qoladigan bo‘lsa, ertaga, 4-mart kuni oltin quymalari narxi pasayadi.

Oltin narxi nega o‘sdi?

Narx o‘sishiga Yaqin Sharqdagi keskinliklar sabab bo‘lmoqda. AQSH va Isroilning Eronga harbiy harakatlari, Eronning mintaqadagi AQSH obyektlariga javob zarbasi global iqtisodiyotga xavfni kuchaytirmoqda.

Bunday sharoitda investorlar doimgidek oltinni xavfsiz aktiv sifatida ko‘rmoqda. Oltindan tashqari, neft va gaz kabi energiya mahsulotlari ham qimmatlamoqda.

Avvalroq oltinga O‘zbekiston sharoitida qanday qilib sarmoya qilish haqida ma’lumot berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid