
Oq uy Maduroning zudlik bilan iste’fo berishini talab qilmoqda — CNN
CNN manbalariga ko‘ra, Nikolas Maduro AQSHga 18 oydan keyin ketishga tayyorligini ma’lum qilgan, ammo Vashington uni darhol iste’foga chiqishga majbur qilmoqda.

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro o‘z hokimiyatini tark etishga tayyor ekani haqida signal bergan, biroq uning taklifi Vashington talablariga mos kelmayapti. CNN manbalari ma’lum qilishicha, Maduro AQSH bilan bir nechta yashirin kanallar orqali muloqotga kirishib, 18 oy ichida tinch yo‘l bilan lavozimini tark etishga rozilik bildirgan.
Biroq AQSH ma’muriyati, ayniqsa Oq uy, bunday ssenariyni qabul qilmayapti. Vashington Venesuela rahbaridan darhol iste’foni talab qilmoqda. Manbalariga ko‘ra, muzokaralarda ishtirok etayotgan amerikalik rasmiylarning ayrimlari Maduroning 18 oylik o‘tish davri haqidagi taklifini «ikki tomon uchun ahvolni yengillashtirishi mumkin», deb hisoblagan. Lekin Oq uy bu pozitsiyani qabul qilmadi va qat’iy tarzda faqat tezkor hokimiyatdan ketish variantni qo‘llab-quvvatlamoqda.
CNNʼning yozishicha, so‘nggi haftalarda Karakas va Vashington o‘rtasidagi diplomatik aloqalar faollashgan. Maduro rejimi AQSH bilan bir necha kanal orqali muloqot olib boryapti, muzokaralar esa «faol davom etmoqda». Shu bilan birga, AQSH ma’muriyati Venesueladagi siyosiy vaziyatni Rossiya bilan bog‘liq keng geosiyosiy tahdidlar kontekstida ko‘rib chiqmoqda.
Nikolas Maduro — Vladimir Putinning yaqin mintaqaviy ittifoqchilaridan biri sifatida davlat apparatini qattiq nazorat qilgan, muxolifatni bosim ostiga olgan va mamlakatni chuqur iqtisodiy inqirozga olib kelgan shaxs sifatida baholanadi.
Vashington uning uzoqqa cho‘zilgan «o‘tish davri» orqali hokimiyatni ushlab turishidan xavotirda. Amerikalik rasmiylar fikricha, bunday ssenariy yangi siyosiy jarayonlarni boshlashga imkon bermaydi va mamlakatdagi inqirozni yanada chuqurlashtirishi mumkin.





