add

O‘quvchilar uchun «openbudjet»: «Mening maktabim» loyihasining 2-bosqichi start olmoqda

Bugun 09:022482 daqiqa

«Ochiq budjet» portali orqali maktablar uchun tashabbus bildirishning navbatdagi bosqichi boshlandi, unda birinchi bosqichda yutmagan ayrim maktablar qayta ishtirok etish huquqiga ega.

O‘quvchilar uchun «openbudjet»: «Mening maktabim» loyihasining 2-bosqichi start olmoqda

O‘zbekistonda «Ochiq budjet» portali doirasida jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash jarayoni davom etmoqda.

«Mening maktabim» loyihasining 2025 yilgi 2-bosqichi loyiha kiritish jarayonlari 15-dekabr, dushanba kunidan boshlanadi. 2-bosqich doirasida 3 va 5-toifaga kiritilgan 96 ta tumandagi 5104 ta maktab ishtirok etadi, deb xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Ushbu bosqichda fuqarolar, xususan ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘z maktablari uchun infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan loyihalarni ilgari surishi mumkin. Tashabbuslar orqali ta’lim muassasalarida sinf xonalarini ta’mirlash, sport maydonlari qurish, asbob-uskunalar xarid qilish kabi masalalar hal etiladi.

«Mening maktabim» loyihasida 5-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan har bir o‘quvchi o‘zi ta’lim olayotgan umumta’lim maktabiga doir loyihalarni ilgari surishi hamda ushbu loyihalarga ovoz berishi mumkin.

O‘quvchilar quyidagi usullardan foydalangan holda o‘z loyihalarini ilgari surishlari mumkin:

1. Avtomatik tarzda — loyiha namunalari orasidan o‘ziga yoqqan loyihani tanlash orqali;

2. Mustaqil ravishda — taqdim etilgan loyiha namunalari orasida mavjud bo‘lmagan loyihalarni yangidan shakllantirish orqali.

Ro‘yxatga kiritilgan tumanlar va ishtirokchi maktablar haqidagi to‘liq ma’lumotlar «Ochiq budjet» portali orqali e’lon qilingan. Jarayonda faol qatnashish orqali aholi o‘z hududidagi ta’lim sifatini yaxshilashga hissa qo‘shishi mumkin.

Ma’lumot uchun: 1-bosqichda g‘oliblar aniqlamangan 36 ta maktab ham joriy yilgi 2-bosqich doirasida qaytadan ishtirok etish imkoniyatiga ega.

 

«Mening maktabim» loyihasi nima?

Bu loyiha o‘quvchilarning o‘z maktablarini yanada yaxshilashga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. O‘quvchilar maktab infratuzilmasini rivojlantirish, o‘quv jarayonini takomillashtirish yoki dam olish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan g‘oyalar bilan ishtirok etadi.

 

Qanday qilib loyiha g‘olib deb topiladi?

Har bir loyiha o‘quvchilar ovoziga ko‘ra baholanadi. Loyiha g‘olib deb topilishi uchun kamida 10 ta ovoz to‘plashi zarur.

 

Kimlar ovoz bera oladi?

Ovoz berish huquqiga faqat shu maktabning o‘quvchilari ega. Ya’ni, har bir o‘quvchi o‘z maktabida taqdim etilgan loyihalar uchun ovoz beradi.

 

Bir maktabda nechta loyiha g‘olib bo‘lishi mumkin?

Har bir maktabda kamida bitta loyiha g‘olib deb topiladi. Loyihalarning qiymatidan kelib chiqib, ikki yoki undan ortiq loyihalar ham g‘olib deb topilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid