Logo

Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan tennischilarga beriladigan mukofot pullari ham oshirildi

Bugun 18:002 daqiqa

Shu paytgacha ular bir martalik 10 ming, 5 ming va 2,5 ming dollar olar edi. Ularni tayyorlagan trenerlarga esa 5 ming, 2,5 ming va 1250 dollar to‘lanardi.

Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan tennischilarga beriladigan mukofot pullari ham oshirildi © ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil 21-sentabrda «Tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida «Juniors Tennis Initiative» dasturi joriy qilinadi. Bunda dastur doirasida 1–4-sinf o‘quvchilari uchun jismoniy tarbiya darslarida tennisga qiziqishni shakllantirish bo‘yicha boshlang‘ich mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi. O‘quvchilarning tennisga qiziqishi hamda sport infratuzilmasi mavjudligiga qarab tennis rivojlantiriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari tanlab olinadi.

Tanlab olingan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tennis bo‘yicha sport seksiyalari tashkil etiladi hamda ularning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, sport inventarlari, shu jumladan, «tennis wall» moslamalari bilan O‘zbekiston tennis federatsiyasi mablag‘lari hisobidan jihozlanadi. Mashg‘ulotlar tanlab olingan umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan trenerlar tomonidan olib boriladi.

Qolaversa, davlat rahbarining yangi qarori bilan 2023-yil 7-apreldagi PQ–114-son qarori 7-ilovasining 9 va 10-bandlarida keltirilgan tennis bo‘yicha nufuzli xalqaro o‘yinlarda g‘olib bo‘lganlarga to‘lanadigan pul mukofotlarining miqdori oshirildi.

1



Ya’ni shu paytgacha Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblari hamda sovrindorlariga beriladigan bir martalik pul mukofoti miqdori oltin medal uchun 10 ming, kumush medalga 5 ming va bronza olgan sportchiga 2,5 ming dollar edi. Endi ular mos ravishda 25 ming, 12,5 ming va 6250 dollarga oshdi.

2



Ularni tayyorlagan trenerlar esa avval shogirdi 1-o‘rinni olsa 5 ming, 2-o‘rinni olsa 2,5 ming va 3-o‘rinni egallasa 1250 dollar olar edi. Bundan buyon ularga beriladigan bir martalik pul mukofoti ham ko‘tarilib, mos ravishda 10 ming, 5 ming va 2,5 ming dollar bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro shaxmat musobaqalari g‘oliblarini rag‘batlantirish miqdorlari keskin oshirilgandi. Ularga beriladigan pullar avvalgisidan juda katta. Qolaversa, oldingilar bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib to‘langan. Hozirgisi esa dollarda.

Teglar