Logo

OTB ogohlantirdi: Markaziy Osiyo tog‘larida muzliklar erimoqda — O‘zbekistonda suv taqchilligi xavfi bor

Bugun 21:015 daqiqa

Tyan-Shan muzliklari 2040-yilga borib, 2020-yildagi hajmining salkam uchdan bir qismini yo‘qotishi mumkin.

OTB ogohlantirdi: Markaziy Osiyo tog‘larida muzliklar erimoqda — O‘zbekistonda suv taqchilligi xavfi bor © Foto: www.thestar.com.my

Markaziy Osiyodagi suv xavfsizligiga bag‘ishlangan yana bir yirik tadqiqot e’lon qilindi. Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) yangi hisobotida ta’kidlanishicha, Tyan-Shan va Pomir tog‘larida haroratning ko‘tarilishi muzliklar erishini tezlashtirmoqda. Bu, o‘z navbatida, mintaqadagi daryolar oqimi, qishloq xo‘jaligi va gidroenergetika sohalari uchun uzoq muddatli xatarlarni yuzaga keltiradi.

Muammo faqat muzliklar maydonining qisqarib borayotganida emas. Qor va muz zaxiralari daryolarni yil davomida suv bilan to‘yintirib turishda g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Ularning shiddat bilan erishi dastlab daryolarda suv sathining ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Ammo vaqt o‘tishi bilan muz zaxiralari tugab boradi va ularning suv ta’minotidagi ulushi keskin pasayadi.

OTBning «Muzliklardan dalalargacha» (Glaciers to Farms) deb nomlangan tadqiqotida aynan shu jarayonning Markaziy va G‘arbiy Osiyo davlatlari uchun qanday oqibatlarga olib kelishi tahlil qilingan. Hisobotdagi prognozlar suv taqsimoti, sug‘orish tizimlari hamda tog‘li hududlardagi xavfsizlik masalalariga mutlaqo yangicha yondashuv zarurligini ko‘rsatmoqda.

OTB tadqiqoti nimani ko‘rsatdi?

Bank 2026 yilning noyabr oyida e’lon qilgan ushbu hisobotda muzliklardan to‘yinadigan to‘rtta yirik daryo havzasini o‘rgandi. Bular — Markaziy Osiyodagi Norin va Panj, Janubiy Kavkazdagi Kura hamda Pokistondagi Svat havzalari.

Tadqiqot doirasida so‘nggi 40 yil ichidagi ob-havo kuzatuvlari, harorat, yog‘ingarchilik va qor to‘planish jarayonlariga oid ma’lumotlar tahlil qilindi. Shu asosda 2035, 2055, 2085 va 2100 yillar uchun iqlim ssenariylari ishlab chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1981–2020 yillar oralig‘ida o‘rganilgan hududlarda atmosfera harorati har o‘n yilda o‘rtacha 0,4 darajaga ko‘tarilgan. Ayrim g‘arbiy hududlar va Kavkaz mintaqasida esa isish sur’ati bundan-da yuqori bo‘lgani qayd etildi.

OTB modellariga ko‘ra, asr oxiriga borib mazkur havzalarda harorat yana taxminan 3–5 darajaga ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Bu qor qoplami va muzliklarning yanada tezroq erishiga olib keladi.

Tyan-Shan va Pomirda qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Tyan-Shan va Pomir tog‘lari Markaziy Osiyoni suv bilan ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Chunki mintaqadagi bir qator yirik daryolar aynan shu tog‘lardagi muzliklardan to‘yinadi.

OTB tadqiqotida Norin va Panj daryolari havzalaridagi holat alohida o‘rganilgan.

Norin havzasi

Norin daryosi Qirg‘izistondagi Tyan-Shan tog‘laridan boshlanadi. Uning yuqori oqimidagi muzliklar qariyb 1 ming kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Daryo Farg‘ona vodiysidagi sug‘orish tizimlari uchun hayotiy muhim suv manbai sanaladi.

Prognozlarga ko‘ra, Norin havzasida qishki harorat 2035 yilga borib taxminan 2 darajaga, 2085 yilda esa 5 darajaga ko‘tariladi. Bahor va yoz oylarida ham harorat 4–5 darajaga isishi kutilmoqda. Qishki yog‘ingarchilik 15–25 foizga ko‘payishi mumkin bo‘lsa-da, qor va muzning odatdagidan ertaroq erishi suv oqimining mavsumiy taqsimotini butunlay izdan chiqaradi.

OTB ekspertlarining ta’kidlashicha, isishning dastlabki bosqichida muzlarning jadal erishi hisobiga daryo oqimi vaqtincha ko‘payadi. Ammo keyinchalik muz zaxiralarining tugashi natijasida suv hajmi uzoq muddatga va keskin kamayadi.

Panj havzasi

Pomir tog‘larida joylashgan Panj havzasidagi muzliklar taxminan 4 ming kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Bu hududning suv resurslari sug‘orish va gidroenergetika tarmog‘i uchun beqiyos ahamiyatga ega.

Hisob-kitoblarga qaraganda, 2085 yilga borib havzada qishki harorat taxminan 5 darajaga isiydi. Bahor va yozda ham harorat 4–5 darajaga ko‘tarilishi, yozgi yog‘ingarchilik esa qariyb 30 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda.

Bu holat muzliklarning qisqarishi bilan bir qatorda, qurg‘oqchilikni kuchaytirib, suv ta’minotida o‘ta jiddiy mavsumiy uzilishlar xavfini yuzaga keltiradi.

Eng katta muammo — suvning kamayishi emas, balki taqsimot vaqtining o‘zgarishida

Muzliklar erishi haqida gap ketganda, odatda suv zaxiralarining qisqarib borayotgani urg‘ulanadi. Biroq ilmiy tadqiqotlar bu jarayon ancha murakkab ekanini ko‘rsatmoqda.

Harorat ko‘tarilishi oqibatida muzliklar tezroq eriy boshlagach, daryolarga qo‘shimcha suv qo‘shiladi. Bu dastlab suv oqimining ko‘payishiga olib keladi. Lekin muz zaxiralari kamaygani sayin ularning daryolarni to‘yintirishdagi ulushi ham pasayib boradi. Ilmiy adabiyotlarda mazkur jarayon «Peak Water» — muzliklardan keladigan suv oqimining eng yuqori cho‘qqiga chiqishi deb ataladi.

2026 yil 9-fevral kuni «Water Resources Research» ilmiy jurnalida Tyan-Shan muzliklarining kelajakdagi suv ta’minotiga ta’siriga bag‘ishlangan tadqiqot e’lon qilindi. Ushbu izlanish Syurixdagi Shveysariya federal texnologiya instituti hamda boshqa ilmiy markazlar olimlari tomonidan olib borilgan.

Tadqiqotda Tyan-Shandagi barcha muzliklarning kelajakda qanday o‘zgarishi modellashtirilib, ulardan keladigan suv oqimi uchta global gidrologik model natijalari asosida baholangan.

Mualliflarning hisob-kitoblariga ko‘ra:

  • 2040 yilga borib, Tyan-Shan muzliklari 2020 yildagi massasining qariyb uchdan bir qismini yo‘qotishi mumkin.

  • Iqlim ssenariylariga qarab, 2100 yilgacha muz massasining 69–93 foizi erib ketish ehtimoli bor.

  • Dastlabki bosqichda muzliklar erishidan hosil bo‘ladigan suv oqimi 2000–2020 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 15–24 foizga ko‘payadi.

  • Ushbu oqim 2050 yilga kelib eng yuqori cho‘qqisiga chiqishi, shundan so‘ng esa pasayib borishi kutilmoqda.

  • 2100 yilga kelib, muzliklar hududidan keladigan suv hajmi 14–20 foizga kamayishi mumkin.

Tadqiqotda yana bir muhim jihatga e’tibor qaratilgan: muzliklardan keladigan suv oqimining eng yuqori cho‘qqisi yozdan bahor oylariga ko‘chishi mumkin. Bu esa suvga eng ko‘p ehtiyoj seziladigan jazirama yoz oylarida tanqislik xavfini keskin kuchaytiradi.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun qanday yechimlar taklif qilinmoqda?

OTB hisobotida mintaqaviy suv xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bir nechta ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan.

Birinchidan, suv omborlari va zaxiralash infratuzilmasini rivojlantirish kerak. Bu orqali qor va muzning erta erishi hisobiga bahorda ko‘payadigan suvning bir qismini to‘plab, keyinchalik — suvga ehtiyoj eng yuqori bo‘lgan yoz oylarida ishlatish imkoni yaratiladi.

Ikkinchidan, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish zarur. Xususan, kanallarda suv yo‘qotishlarini kamaytirish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish tavsiya qilinmoqda.

Uchinchidan, tog‘lardagi muzliklar, qor qoplami va daryolar oqimini muntazam kuzatib borish talab etiladi. Buning uchun avtomatik meteorologik stansiyalar, zamonaviy gidrologik o‘lchov uskunalari hamda xavfdan erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish lozim.

To‘rtinchidan, mamlakatlar o‘rtasida ma’lumot almashish tizimini yaxshilash shart. Norin va Panj kabi yirik havzalar birgina davlat chegarasi bilan cheklanib qolmaydi. Suvning mavsumiy hajmi, sel va toshqin xavfi to‘g‘risidagi tezkor ma’lumotlarni o‘z vaqtida almashish qo‘shni respublikalar xavfsizligi uchun ham o‘ta muhimdir.

Hisobotda, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining baland tog‘li hududlarida qor va suvni kuzatuvchi stansiyalar hamon yetarli emasligi, ayrim gidrologik tarmoqlar to‘liq avtomatlashtirilmagani hamda davlatlararo real vaqt rejimida ma’lumot almashish imkoniyatlari cheklangani tanqidiy baholangan.

Teglar

Mavzuga oid