Ozarbayjon banki «Davr bank»dagi ulushini 74 foizga oshirishi kutilmoqda
«Davr bank» Ozarbayjonning ABB banki bilan 51 foiz ulushini sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. ABB «Davr bank»ning nazorat paketini 100 mln dollarga sotib olmoqda va ulush 74 foizgacha oshirilishi mumkin.

2026 yil 8-iyun kuni «Davr bank» aksiyadorlari ABB Ozarbayjon xalqaro banki bilan «Davr bank» ustav kapitalidagi 51 foiz aksiyalar paketini sotib olish bo‘yicha bitimni ma’qulladi.
Aksiyadorlar yig‘ilishida bitimni amalga oshirish uchun kerak bo‘ladigan korporativ, huquqiy, moliyaviy va regulyator tartiblarga ruxsat berildi.
Tomonlar o‘rtasidagi keyingi kelishuvlarga muvofiq, Ozarbayjon bankiga «Davr bank» ustav kapitalidagi qo‘shimcha 23 foizlik aksiyalar paketini sotib olish imkonini beruvchi mexanizm ko‘rib chiqilishi tasdiqlandi.
Natijada, ABB bankining «Davr bank»dagi ulushi 51 foizdan 74 foizgacha oshishi mumkin. Kelishuvga ko‘ra, bankning 51 foizi uchun 100 mln dollar to‘lanmoqda.
Bundan tashqari, yig‘ilishda bankning 2025 yildagi sof foydasi 667,3 mlrd so‘mni tashkil etgani ma’lum qilindi. Bunda sof foydaning 5 foizi, ya’ni 33,3 mlrd so‘mi bankning umumiy zaxira fondiga yo‘naltiriladi. Foydaning qolgan qismi — 634 mlrd so‘m taqsimlanmagan foyda sifatida qoldirilishi belgilandi.
«Davr bank» 2026 yilning ikkinchi yarmidan boshlab «ABB Davr bank» nomi ostida faoliyat olib borishi kutilmoqda. Bu haqda ABB Ozarbayjon xalqaro banki boshqaruv raisi Abbos Ibrohimov aytib o‘tgandi.
Bankning aksiyadorlari kimlar?
«Davr bank»ka xususiy aksiyadorlik tijorat banki sifatida 2001 yilda asos solingan. Hozirda bankning ustav kapitali Markaziy bankning minimal talablariga javob bergan holda 500 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

iHamkor.uz ma’lumotlariga ko‘ra, bankning aksiyadorlari 8 nafar jismoniy shaxsdan iborat. Asosiy aksiyadorlar Lutfulla Ubayev (42 foiz) va Maxfuza Ubayeva (14,7 foiz) hisoblanadi.





