
O‘zbekiston 2026 yilda Xitoydan 50 dan ortiq agrodron olib keladi
Qishloq xo‘jaligida dronlar uchun uchish og‘irligi 250 kilogacha oshirilib, har bir viloyatda dron mobil komplekslari orqali agroxizmatlar ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda 2026 yilda mamlakatga Xitoydan yana 50 dan ortiq zamonaviy agrodron olib kelinishini ma’lum qildi. Bu 2025 yil kuzida yetkazilgan 100 dan ziyod dronlar partiyasidan keyingi navbatdagi katta yetkazib berish bo‘ladi.
Yangi dronlar agrar xizmatlar samaradorligini oshirish, sug‘orish, o‘g‘itlash va o‘simliklarni muhofaza qilish jarayonlarini avtomatlashtirishga xizmat qiladi. Shunga muvofiq, agrodronlar uchun ruxsat etilgan uchish og‘irligi amaldagi 100 kilodan 250 kilogacha oshiriladi. Bu esa keng qamrovli agrotexnik ishlar uchun kuchli va yuqori sig‘imli dronlardan foydalanish imkonini yaratadi.
Har bir viloyatda kamida ikkitadan dron mobil kompleksi tashkil etildi va ular orqali fermer hamda klasterlarga agroxizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshida dron xizmatlarini ko‘rsatuvchi maxsus markaz faoliyat boshlagan bo‘lib, u mutaxassislar tayyorlash va dronlarga texnik servis ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
2025 yilning o‘zida 100 dan ortiq dron yordamida yer maydonlari monitoringi, hosildorlikni oshirishga qaratilgan agrotexnik tadbirlar va raqamli kuzatuv ishlari amalga oshirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanib, kam xarajat bilan yuqori hosilga erishuvchi fermerlar soni ortmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil boshida Malayziyaning «Meraque» kompaniyasi Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida agrotexnologiyalar va dron ishlab chiqarish loyihasiga 4,5 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirayotgandi.





