add

O‘zbekiston AQSHda yangi konsulxonalar ochadi

O‘zbekiston AQSHda vatandoshlar diasporalari to‘plangan hududlarda (Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietl) yangi konsulxonalar ochishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston AQSHda yangi konsulxonalar ochadi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan «Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmonga muvofiq, mamlakat AQSH hududida yangi konsulxonalar ochishni rejalashtirmoqda.

Yangi diplomatik vakolatxonalarning asosiy vazifasi fuqarolar bilan muloqotni yaxshilash, savdo va investitsiya hamkorligini kengaytirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdan iborat bo‘ladi.

Farmonda belgilanishicha, Tashqi ishlar vazirligi bir oy muddatda yangi konsulxonalarni ochish masalasini ishlab chiqishi lozim. Ular geografik qamrovni kengaytirish va o‘zbek diasporasi ko‘p to‘plangan hududlarda faoliyat yuritishi kerak. Xususan, Filladelfiya, Chikago, Orlando va Sietl shaharlarida yangi konsulxonalar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda «AQSHning barcha shtatlarida yashab kelayotgan o‘zbek diasporalari bilan samarali hamkorlik modelini ishlab chiqish va amalga oshirish» yangi konsulxonalarning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilandi.

Ular shuningdek, Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiya kengashi loyihalarini amalga oshirishga va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Bundan tashqari, Vashingtonda joylashgan elchixona faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 2026 yil 1-yanvardan Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili — maslahatchi-vakil lavozimi joriy etiladi. U ikki davlat o‘rtasidagi strategik investitsiya va savdo loyihalarini muvofiqlashtirish hamda Kengash ishini tashkil etish uchun mas’ul bo‘ladi.

Maslahatchi-vakilni Prezident Administratsiyasi rahbari, Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi hamraisi Saida Mirziyoyeva tayinlaydi. Ushbu lavozim orqali tashqi siyosiy va davlat tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda O‘zbekistonning elchixonasi Vashingtonda, bosh konsulligi esa Nyu York shahrida faoliyat yuritmoqda. Yangi konsulxonalar faoliyati AQSHdagi vatandoshlar uchun konsullik xizmatlarini yanada qulay qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi prezidenti imzolagan «Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmon haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston AQSHda yangi konsulxonalar ochadi | Vaqt.uz