O‘zbekiston avtomobil bozorida «Chevrolet» ulushi kamaymoqda

Kecha 17:462 daqiqa

2026-yil birinchi choragida avtomobil bozorida «Chevrolet» ulushi kamayib, «BYD» va «Kia» tez o‘sib raqobatni kuchaytirmoqda

O‘zbekiston avtomobil bozorida «Chevrolet» ulushi kamaymoqda © Фото: telegra.ph

2026 yil birinchi choragida O‘zbekiston avtomobil bozorida faollik sezilarli darajada oshdi. «O‘zavtosanoat» ma’lumotiga ko‘ra, ushbu davrda jami 91 088 ta avtomobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizga ko‘pdir.

Bozor yetakchilari

Bozor yetakchisi hisoblangan «UzAuto Motors» 45 881 ta avtomobil sotib, 12 foizlik o‘sishni ta’minladi. Biroq kompaniya raqobatchilarga nisbatan sekinroq o‘smoqda. Xususan, «BYD Uzbekistan» sotuvlarni qariyb ikki barobarga oshirib, 7 799 taga yetkazgan. Shuningdek, «ADM Jizzakh» va «Khorezm Auto» ham mos ravishda 26 va 24 foizlik o‘sishni qayd etdi.

1

Brendlar kesimida «Chevrolet» hali ham bozor yetakchisi bo‘lib qolmoqda, ammo uning ulushi 82,6 foizdan 79,3 foizgacha tushdi. Ya’ni bir yil ichida 3,3 foiz punktga kamayish kuzatildi. Shu bilan birga, «Chevrolet» sotuvlari 16 foizga oshgan bo‘lsa-da, raqobatchilar, ayniqsa «BYD» va «Kia» ancha tezroq o‘sgan.

Ommabop model

Modellar orasida yetakchilikni «Chevrolet Cobalt» saqlab qolmoqda, biroq uning sotuvi 17 foizga pasayib, 24 mingtani tashkil etdi. Boshqa modellar — «Damas», «Tracker» va «Onix» esa mos ravishda 22, 55 va 156 foizga o‘sish ko‘rsatdi.

2

«Chevrolet»dan tashqari eng ommabop model sifatida Kia Sonet qayd etildi. Ushbu avtomobil 1-chorakda qariyb 5 600 ta sotilib, 43 foizlik o‘sishga erishgan. Shuningdek, «BYD Song Plus» va «Yuan Up» modellari ham yuqori sur’atlarda o‘smoqda. Ayniqsa, «Yuan Up»ga talab bir yilda 5 barobardan ziyod oshgani bozorda elektr transport vositalariga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid