O‘zbekiston BRIKS'ning «Yangi taraqqiyot banki» to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi

Bugun 10:551 daqiqa

Prezident 21-may kuni O‘zbekistonning BRIKS'ning «Yangi taraqqiyot banki»ga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

O‘zbekiston BRIKS'ning «Yangi taraqqiyot banki» to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi © ndb.int

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni BRIKS'ning «Yangi taraqqiyot banki»ga qo‘shilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

«Yangi taraqqiyot banki»ga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qonun Qonunchilik palatasi tomonida 21-aprel kuni uch o‘qishda qabul qilingandi, Senat esa 19-may kuni bitimni ma’qulladi. Dastlabki hujjat 2014 yil 15-iyulda Braziliyaning Fortaleza shahrida Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi tomonidan imzolangan.

Hujjat O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, ochiqlik siyosati va investitsiyalarni jalb qilish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda. Mamlakat uchun bankka a’zo bo‘lish xalqaro investitsiya resurslaridan kengroq foydalanish hamda infratuzilma va iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish imkoniyatlarini yaratadi.

Iqtisodiy foyda birinchi navbatda energetika, transport, suv xo‘jaligi va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarida namoyon bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 9-iyunida Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi taraqqiyot banki» prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashuvda O‘zbekistonning bankka a’zo bo‘lishi, hamkorlikdagi 5 mlrd dollarlik loyihalar va ustuvor sohalardagi sheriklik masalalarini muhokama qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid