O‘zbekiston iyul oyida 1,3 mlrd dollarlik oltin sotdi
Mamlakat oxirgi marta aprel oyida 1,5 mlrd dollarlik oltin sotgandi.
© BloombergO‘zbekiston 2026-yil iyul oyida 1,3 mlrd dollarlik oltin eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Yanvar-iyul oylarida oltin eksportining umumiy qiymati 2,8 mlrd dollardan oshdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagi nisbatan 2,7 baravar kam. 2025-yilning yanvar-iyul oylarida bu ko‘rsatkich 7,58 mlrd dollarni tashkil etgandi.
Yilning dastlabki yetti oyida O‘zbekiston oltinni faqat ikki marta — aprel va iyul oylarida eksport qildi. Aprelgacha mamlakat qimmatbaho metallni oxirgi marta 2025-yil sentabrida sotgan edi.
Eksport hajmi kamaydi
Yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonning jami eksporti 19,93 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 3,6 foizga kam.
Eksportning qisqarishiga asosan oltin sotuvlarining pasayishi ta’sir qildi. Shu bilan birga, boshqa yo‘nalishlarda o‘sish qayd etildi.
Jumladan, sanoat mahsulotlari eksporti 22,4 foizga oshib, 2,87 mlrd dollarga yetdi. Xizmatlar eksportidan tushum esa 35,3 foizga o‘sib, 7,32 mlrd dollarni tashkil qildi.
Eslatib o‘tamiz, 1-avgust holatiga O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari 64,34 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Zaxiralardagi oltin qiymati 56,12 mlrd dollar, uning fizik hajmi esa qariyb 430,8 tonnani tashkil qiladi.





