Logo

O‘zbekiston iyun oyida ham oltin sotmadi

Bugun 20:552 daqiqa

Mamlakat so‘nggi 9 oy davomida faqat aprel oyida oltin sotuvini amalga oshirdi. Bu paytda eksport 8,8 foizga kamayib ketdi.

O‘zbekiston iyun oyida ham oltin sotmadi © Foto: Bloomberg

Iyun oyida O‘zbekiston yana oltin eksport qilmadi. Umumiy eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,8 foizga kamayib ketdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining tashqi savdo bo‘yicha hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

2026-yilning birinchi yarmida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 41 mlrd dollarga yetdi va 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,8 mlrd dollarga yoki 7,4 foizga ko‘paydi.

Tashqi savdoda eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 8,8 foizga kamayib, 15,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Import esa 21 foizga o‘sib, 25,1 mlrd dollarga yetdi.

Bunda O‘zbekiston tashqi savdosida salbiy saldo 9,3 mlrd dollargacha ko‘paydi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 3,4 mlrd dollarni, 2024-yilda 5,7 mlrd dollarni tashkil qilgandi.

Eksport kamayishi va salbiy saldo ko‘rsatkichi oshishiga oltin eksporti deyarli to‘xtatilgani sabab bo‘lyapti. Oxirgi 9 oy davomida O‘zbekiston faqatgina 2026-yilning aprel oyida oltin eksportini amalga oshirdi — 1,5 mlrd dollar.

Shunga qaramay, oltinni hisobga olmaganda eksport o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga o‘sib, 8,2 mlrd dollarni tashkil qildi. 2025-yil yarmida O‘zbekiston 6,5 mlrd dollarlik oltin sotgandi.

Nega oltin eksport qilinmayapti?

O‘zbekiston avvalgi yillarda oltinning faol eksportyori edi. Biroq geosiyosiy notinchliklar va iqtisodiy vaziyat fonida oltin narxlari sezilarli o‘zgarishni boshladi.

2025-yil davomida oltin bir necha bor tarixiy rekordlarni yangiladi. Jahon bo‘yicha narxlar 70 foizdan ko‘proq oshgan bo‘lsa, oltin quymalari ham o‘sishda davom etdi va jozibador sarmoya vositasiga aylandi.

Yanvar oyiga kelib, oltinning unsiyadagi global narxi 5 500 dollardan yuqoriga ko‘tarilib, tarixiy rekordni yangiladi. Biroq keyinchalik narxlar sezilarli pasayishni boshlab, hozirda 4 000 dollardan past bo‘lib turibdi.

Oltin narxlari iyul oyida iyundagidan ham pastroq shakllandi. Katta ehtimol bilan hukumat iyul oyida ham bunday shartlarda oltin sotuvini amalga oshirmagan bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid