Logo

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng tinchliksevar mamlakat deb topildi

Bugun 17:302 daqiqa

O‘zbekiston ushbu reytingda Buyuk Britaniya, Shvetsiya kabi davlatlarni ortda qoldirgan.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng tinchliksevar mamlakat deb topildi

Global tinchlik indeksi–2026 natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 163 mamlakat orasida 37-o‘rinni egalladi va Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natijani qayd etdi. Mamlakat o‘tgan yilgi natijaga nisbatan 10 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi. Indeks jamoat xavfsizligi darajasi, ichki va xalqaro mojarolar mavjudligi hamda militarizatsiya ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan 20 dan ortiq mezon asosida shakllantiriladi.

 Markaziy Osiyo davlatlari orasida reyting quyidagicha:

O‘zbekiston — 37-o‘rin;

Qozog‘iston — 44-o‘rin;

Tojikiston — 47-o‘rin;

Qirg‘iziston — 61-o‘rin;

Turkmaniston — 66-o‘rin.

Shuningdek, O‘zbekiston ushbu reytingda Buyuk Britaniya, Shvetsiya kabi davlatlarni ortda qoldirgan. Tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, dunyo bo‘yicha tinchlikning o‘rtacha darajasi so‘nggi bir yil ichida 0,36 foizga pasaygan. Bu global ko‘rsatkichning ketma-ket oltinchi yil yomonlashuvi va so‘nggi 17 yil ichidagi 13-pasayish hisoblanadi. Bunga qurolli mojarolar, geosiyosiy keskinlik va dunyoning turli hududlaridagi beqarorlik asosiy omil sifatida ko‘rsatilgan.

Reytingning kuchli o‘ntaligidan Islandiya, Yangi Zelandiya, Shveysariya, Sloveniya, Irlandiya, Avstriya, Portugaliya, Singapur, Finlandiya va Yaponiya joy oldi.

Eng past natijalarni esa Sudan, Kongo Demokratik Respublikasi, Ukraina, Isroil, Janubiy Sudan, Afg‘oniston, Yaman, Suriya va Mali qayd etdi.

Mutaxassislar O‘zbekistonning yuqori o‘rni mamlakatdagi ichki barqarorlik, xavfsizlik darajasining nisbatan yuqoriligi hamda xalqaro hamkorlikning kengayib borayotganini aks ettirishini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng tinchliksevar mamlakat deb topildi | Vaqt.uz