
O‘zbekiston Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi
Yig‘ilishda harbiy xizmatchilarning ish haqi, ularga to‘lanadigan ustamalar oshirilishi va pensiya tayinlashda hisobga olinadigan miqdor ham ko‘tarilishi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyev nutqidagi asosiy jihatlarni keltirdi:
- tez o‘zgaruvchan mintaqaviy va global vaziyatni hisobga olgan holda mamlakatning harbiy xavfsizligi va mudofaasini yanada mustahkamlash zarurligi tasdiqlandi;
- mudofaa sohasida xavf-xatar va tahdidlarning oldini olishga qaratilgan tizimli va proaktiv yondashuvga o‘tish vazifasi qo‘yildi;
- Qurolli Kuchlarning modernizatsiyasi mobillik, texnologik jihozlanganlik va boshqaruv samaradorligini oshirishga, raqamli yechimlar va zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llashga tayanishi kerakligi qayd etildi;
- mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, uning texnologik darajasi va barqarorligini oshirish, raqamli yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi;
- armiyaning inson kapitalini rivojlantirish va harbiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, jumladan, o‘quv jarayonini Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti negizida raqamli va intellektual ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi;
- harbiy-ilmiy va infratuzilmaviy bazani mustahkamlash, muhandis-texnik va kibermutaxassislarning yangi avlodini tayyorlash uchun sharoitlar yaratish zarurligi ta’kidlandi,
- sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997 yildagi Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida quyidagi vazifa va imkoniyatlar belgilab olindi:
- muddatli harbiy xizmatning yangi modeli shakllantirilishi belgilandi, bunda har bir harbiy xizmatchi armiyadan qaytganda kasbiy ko‘nikmalar va real istiqbollarga ega bo‘ladi;
- «Bir million dasturchi» va «Sun’iy intellekt sohasida besh million yetakchi» dasturlari doirasida har yili 5 ming nafar muddatli harbiy xizmatchilar o‘qitiladi;
- muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi, shuningdek, harbiy xizmatdan qaytgandan keyin o‘qishi qo‘llab-quvvatlanadi, shu jumladan sertifikat xarajatlari qoplanadi va foizsiz ta’lim kreditlari beriladi;
- muddatli harbiy xizmatdan qaytganlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish choralari kengaytirilmoqda, shu jumladan ularning tadbirkorligi qo‘llab-quvvatlanadi va ishga joylashishda qo‘shimcha imtiyozlar beriladi;
- harbiy xizmatchilarning xizmat va turmush sharoitlari yanada yaxshilanadi, harbiy xizmatchilar, ularning oilalari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratiladi:
- 1-apreldan boshlab ofitserlarning ko‘p yillik xizmati uchun ustama haqi 2 baravarga oshiriladi;
- kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va serjantlarning ish haqi 10 foizga oshiriladi;
- hududiy mudofaa organlarining harbiy bo‘lmagan xodimlari mehnatiga haq to‘lash joriy yilda 20 foizga, kelgusi yilda yana 50 foizga oshiriladi;
- 30 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarga pensiya hisoblashda hisobga olinadigan pul ta’minoti miqdori 75 foizdan 100 foizgacha oshiriladi;
- ma’naviy-ma’rifiy tarbiya maqsadida joriy yilda harbiy qism va muassasalar 1 million nusxada badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi;
- armiyada sportni rivojlantirish davom ettiriladi, jumladan, yoshlarning qiziqishiga javob beradigan zamonaviy yo‘nalishlar joriy etiladi;
- yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bunda raqamli makon xususiyatlarini hisobga olish muhimligi ta’kidlandi.





