Logo

O‘zbekiston oltin zaxiralari tarixdagi eng yuqori darajaga chiqdi

Bugun 18:463 daqiqa

Markaziy bank zaxiralaridagi oltin hajmi ilk bor 423 tonnagacha ko‘paydi. Hozirda mamlakat xalqaro zaxiralarining 87 foizi oltindan iborat. Ammo oltin narxining tushishi O‘zbekiston zaxiralariga milliardlab dollar zarar keltirmoqda.

O‘zbekiston oltin zaxiralari tarixdagi eng yuqori darajaga chiqdi © Foto: Bloomberg

O‘zbekiston oltin zaxiraalarining fizik hajmi 423 tonnaga yetib, tarixiy rekord darajaga yetdi. Bu haqda Vaqt.uz'ga Markaziy bank hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

1-iyun holatiga ko‘ra, mamlakatning xalqaro zaxiralari 70,58 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu aprel oyiga nisbatan 307 mln dollarga kam.

Zaxiralarning asosiy qismi bo‘lgan oltin aktivlari qiymati ham biroz pasaydi. May oyi davomida oltin zaxirasining qiymati 156 mln dollarga kamayib, 61,43 mlrd dollarga tushdi. Shu bilan birga, fizik hajm o‘sishda davom etib, 13,6 mln troy unsiya yoki 423 tonnaga yetdi.

May oyida Markaziy bank qimmatli qog‘ozlar portfeliga sarmoyani sezilarli ko‘paytirdi. Oy davomida xorijiy qimmatli qog‘ozlar portfeli 84 foizga o‘sib, 2,85 mlrd dollarni tashkil qildi. Natijada ularning umumiy zaxiralardagi ulushi 4 foizga yetdi.

Oltin hajmi rekordda

O‘zbekiston so‘nggi oylarda narx pasayishiga qaramasdan zaxiralarda oltinning fizik hajmini oshirishda davom etmoqda.

1

1-iyun holatiga kelib, mamlakat zaxiralaridagi oltin hajmi 423 tonnagacha o‘sib, yangi rekord qayd etildi. Zaxiralardagi oltin hajmi 2018-yildan beri 28 foizga yoki 93 tonnaga ko‘paydi.

Bu bo‘yicha eng past ko‘rsatkich 2020-yilning III choragida kuzatilgandi. O‘shanda zaxiralardagi oltin hajmi 307 tonnagacha tushib ketgan.

Nega zaxiralarda oltin ko‘paymoqda?

O‘zbekiston geosiyosiy notinchliklar fonida 2025-yil sentabridan 2026-yil apreliga qadar 6 oy davomida oltin eksportini amalga oshirmadi.

Markaziy bank oltin sotilmayotganini sotuvlar oltin zaxiralariga ta’sir qilishi, hozirda zaxiralarni yuqori ko‘rsatkichlarda ushlab turish muhim ekani bilan izohladi.

Uzoq muddat qimmatbaho metall eksport qilinmagani ortidan zaxiralarda oltin yig‘ilib qoldi. Natijada may oyiga kelib O‘zbekiston zaxiralarida oltin ulushi 87 foizni tashkil qilmoqda. Bu dunyodagi ko‘plab davlatlarga nisbatan ancha yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shunga qaramay, oltin narxi pasayishi xalqaro zaxiralar qiymatiga sezilarli ta’sir qilmoqda. Oltin arzonlashi may oyining o‘zida O‘zbekiston zaxiralariga 1,5 mlrd dollar zarar keltirgan.

Yil boshida oltin narxi unsiyasiga qariyb 5 600 dollargacha ko‘tarilgandi. Ayni paytda narx 4 000 dollargacha tushib ketgan. Buning oqibatida O‘zbekiston milliardlab dollar yo‘qotdi.

Dunyo davlatlarida vaziyat qanday?

Global notinchliklar va geosiyosiy vaziyat fonida oltin narxi pasayishiga qaramasdan dunyoning aksariyat yirik mamlakatlari ham o‘z zaxiralarida katta miqdorda oltin ushlab turibdi.

2

AQSH hamon zaxiralarda 8,1 ming tonnadan oshiq oltin bilan jahonda yetakchi bo‘lib turibdi. Keyingi o‘rinlarda Germaniya, Italiya va Fransiya bormoqda. Bu davlatlar zaxirasida oltin ulushi 60 foizdan oshiq bo‘lib turibdi.

Xitoy so‘nggi yillarda zaxiralariga oltin yig‘ishni sezilarli ko‘paytirdi. Uning rasmiy zaxiralari 2022-yildan beri qariyb 400 tonnaga oshdi.

Oltin zaxiralari hajmi bo‘yicha hozirda O‘zbekiston dunyo mamlakatlari orasida 15-o‘rinda bormoqda.

Shunday qilib, O‘zbekiston rekord darajadagi — 423 tonnalik oltin zaxirasiga ega bo‘ldi. Biroq zaxiralarning katta qismi oltindan iborat bo‘lgani sababli ularning qiymati xalqaro bozordagi narx tebranishlariga juda sezgir bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 193

Barchasi

Mavzuga oid

O‘zbekiston oltin zaxiralari tarixdagi eng yuqori darajaga chiqdi | Vaqt.uz