Logo

O‘zbekiston sug‘urta bozori: to‘lovlar nima uchun mukofotlardan tezroq o‘smoqda?

Bugun 17:253 daqiqa

Sug‘urta to‘lovlari mukofotlardan qariyb uch baravar tez o‘sdi. Bir yilda mukofotlar 28,6 foizga ko‘paygan bo‘lsa, to‘lovlar 80,9 foizga oshgan. Bunday tafovut asosan ixtiyoriy sug‘urtaning ayrim turlarida to‘lovlar keskin ko‘paygani bilan bog‘liq.

O‘zbekiston sug‘urta bozori: to‘lovlar nima uchun mukofotlardan tezroq o‘smoqda? © Ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil 1-iyulgacha sug‘urta mukofotlari 6,23 trln so‘mdan 8,02 trln so‘mga, to‘lovlar esa 1,25 trln so‘mdan 2,25 trln so‘mga oshdi. Bir yil ichida mukofotlar 1,78 trln so‘mga ko‘paygan bo‘lsa, to‘lovlar qariyb 1 trln so‘mga ortgan

Shu davrda sug‘urta kompaniyalarining majburiyatlari ham 2,98 kvadrillion so‘mdan 4,42 kvadrillion so‘mga yetdi. Bu bozor kengayayotgani bilan birga, kompaniyalar zimmasidagi sug‘urta majburiyatlari ham  ortganini ko‘rsatadi.

Ixtiyoriy sug‘urtada to‘lovlar keskin oshdi

Sug‘urta bozoridagi umumiy natijani ikki asosiy yo‘nalish — ixtiyoriy va majburiy sug‘urta shakllantiradi. Ularning bir yillik ko‘rsatkichlari esa sezilarli darajada farq qilgan.

Umumiy sug‘urtada ixtiyoriy yo‘nalish bo‘yicha mukofotlar 5,43 trln so‘mdan 6,62 trln so‘mga oshgan bo‘lsa, to‘lovlar 979 mlrd so‘mdan 1,93 trln so‘mga yetdi. Ya’ni mukofotlar 21,8 foizga ko‘paygan bir paytda, to‘lovlar qariyb ikki baravarga oshgan.

Majburiy sug‘urtada esa vaziyat boshqacha. Bu yo‘nalishda mukofotlar 415,7 mlrd so‘mdan 875,7 mlrd so‘mga ko‘paygan, to‘lovlar esa 201,9 mlrd so‘mdan 226,4 mlrd so‘mga oshgan. Demak, majburiy sug‘urtada mukofotlar tezroq kengaygan, to‘lovlar esa nisbatan sekin o‘sgan.

Shu sabab umumiy bozordagi to‘lovlarning 80,9 foizlik o‘sishini majburiy sug‘urta emas, asosan ixtiyoriy sug‘urtadagi o‘zgarishlar shakllantirgan.

To‘lovlar qaysi sug‘urta turlarida keskin oshdi?

Ixtiyoriy sug‘urta tarkibidagi yo‘nalishlar ham turlicha natija ko‘rsatgan. Eng katta o‘zgarish boshqa moliyaviy tavakkalchiliklardan sug‘urta qilish, shuningdek, ikki va undan ortiq sug‘urta klasslarini birlashtirgan shartnomalarda kuzatilgan.

IMG_20260916_121238

        Manba: Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hisobotidan

Boshqa moliyaviy tavakkalchiliklardan sug‘urta qilishda to‘lovlar bir yil ichida 9,3 mlrd so‘mdan 529,2 mlrd so‘mga oshgan. Mukofotlar esa 91,4 mlrd so‘mdan 210,9 mlrd so‘mga ko‘paygan.

Ikki yoki undan ortiq umumiy sug‘urta klasslarini birlashtirgan sug‘urtada mukofotlar 3,29 trln so‘mdan 3,55 trln so‘mga oshgan bo‘lsa, to‘lovlar 231,8 mlrd so‘mdan 899,6 mlrd so‘mga yetgan.

3 va 14-klasslarni birlashtirgan sug‘urtada esa mukofotlar 375,8 mlrd so‘mdan 322,7 mlrd so‘mga kamaygan, to‘lovlar esa 10,7 mlrd so‘mdan 264,4 mlrd so‘mga ko‘tarilgan.

Biroq barcha yo‘nalishlarda to‘lovlar bir xil oshmagan. Kreditlarni sug‘urta qilishda mukofotlar 1,25 trln so‘mdan 1,58 trln so‘mga oshgan bo‘lsa, to‘lovlar 606,4 mlrd so‘mdan 381,3 mlrd so‘mga kamaygan. Yerusti transport vositalarini sug‘urta qilishda ham mukofotlar 46,1 foizga oshgan, to‘lovlar esa 28,5 foizga qisqargan.

Sug‘urta mukofotlarining asosiy qismi poytaxtda jamlangan

Bozorning asosiy qismi Toshkent shahrida jamlangan: poytaxtda 6,58 trln so‘mlik sug‘urta mukofotlari yig‘ilgan. Bu mamlakatdagi jami mukofotlarning qariyb 82 foizini tashkil etadi. Bir yil avval Toshkent shahrining ulushi 79,2 foiz bo‘lgan.

Hududlar orasida eng yuqori o‘sish Samarqand viloyatida qayd etilgan. Bu yerda sug‘urta mukofotlari 43,1 foizga oshib, 154,6 mlrd so‘mga yetgan.

Farg‘ona viloyatida sug‘urta mukofotlari 29,3 foizga oshib, 172 mlrd so‘mga yetgan bo‘lsa, Toshkent viloyatida esa 163,4 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shu tariqa, Samarqanddagi yuqori sur’atga Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridagi qariyb 30 foizlik o‘sish ham qo‘shilgan.

Xorazm va Andijonda ham mukofotlar sezilarli ko‘paygan — mos ravishda 18,1 va 16,5 foizga. Boshqa hududlarda esa o‘sish ancha past bo‘lgan. Surxondaryoda 7,1 foiz, Namanganda 6,8 foiz, Qashqadaryoda 2,3 foiz.

Mamlakat bo‘yicha sug‘urta to‘lovlari esa 80,9 foizga oshib, salkam 2,3 trln so‘mni tashkil etgan. Toshkentda to‘lovlar sug‘urta mukofotlariga qaraganda ancha tez o‘smoqda. Ular 130,2 foizga ko‘payib, qariyb 2 trln so‘mga yetgan. Bu poytaxtda tartibga solingan sug‘urta da’volari bo‘yicha to‘lovlar bozorning qolgan qismiga nisbatan tezroq oshganini ko‘rsatadi.

Shunday qilib, 2026-yilning birinchi yarim yilligida sug‘urta mukofotlari hajmida Toshkentning ustunligi saqlanib qolgan. Hududlar orasida eng yuqori o‘sish Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida qayd etilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatida esa sug‘urta mukofotlari kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sug‘urta kompaniyalarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi moliyaviy natijalari e’lon qilingandi. Sug‘urta tashkilotlarining jami sof foydasi 505,5 mlrd so‘mni tashkil etib, bir yil ichida 61,3 foizga oshgan. Foydaning asosiy qismi «Apex Insurance» va «Euroasia Insurance» kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Teglar

Mavzuga oid