«O‘zbekiston temir yo‘llari» tizimidagi tenderlarda 21 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi
Toshkentda 21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonun talablari buzilgani aniqlanib, mas’ul tashkilotga nisbatan choralar ko‘rildi.
© prezident.uzRaqobat qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan «Quyuv-mexanika zavodi» AJ o‘tkazgan tender savdolari qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan tekshirildi.
O‘rganishlar natijasida, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tizimiga kiruvchi mazkur korxona tomonidan tashkil etilgan umumiy qiymati 21 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 8 ta tanlovda qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Raqobat muhitiga ta’sir
Xususan, «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Yuqoridagilarga muvofiq, Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi Maxsus komissiyasi tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun talablari buzilish alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Raqobat qo‘mitasi ta’kidlashicha, davlat xaridlarida qonun ustuvorligini ta’minlash va barcha ishtirokchilar uchun teng shart-sharoit yaratish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu esa davlat mablag‘larining shaffof va samarali sarflanishini ta’minlashga xizmat qiladi.





