Logo

O‘zbekiston tibbiyotida bozor xizmatlari hajmi 14,2 foizga oshdi

Bugun 15:352 daqiqa

Ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarning 45,5 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekiston tibbiyotida bozor xizmatlari hajmi 14,2 foizga oshdi © Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 17,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ushbu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan real hisobda 14,2 foizga oshgan. Hududlar orasida Toshkent shahri 8 trln so‘mlik tibbiy xizmatlar bilan yetakchilik qilmoqda. Bu mamlakat bo‘yicha jami ko‘rsatkichning 45,5 foiziga teng.

Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 1,8 trln so‘mni tashkil etib, poytaxtdagidan 4,4 barobar kam. Keyingi yuqori ko‘rsatkichlar Samarqand (1,3 trln so‘m) va Farg‘ona (1 trln so‘m) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Namanganda tibbiy xizmatlar hajmi 870,9 mlrd so‘mni tashkil etib, Andijondagidan (796,9 mlrd so‘m) qariyb 9 foizga ko‘p bo‘lgan. Buxoro (609,2 mlrd so‘m) va Xorazm (591,7 mlrd so‘m) viloyatlaridagi ko‘rsatkichlar deyarli teng. Qashqadaryo (553,2 mlrd so‘m) va Qoraqalpog‘istonda (525,1 mlrd so‘m) esa xizmatlar hajmi Namangandagidan qariyb 1,6 barobar kam bo‘lgan.

Eng kam xizmatlar hajmi Navoiy (296,3 mlrd so‘m), Sirdaryo (307,5 mlrd so‘m), Jizzax (395,7 mlrd so‘m) va Surxondaryo (442,4 mlrd so‘m) viloyatlarida qayd etilgan. Navoiydagi ko‘rsatkich Toshkent shahridagidan qariyb 27 barobar kam.

Tibbiy xizmatlar tarkibi

Mazkur davrda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarning 53,3 foizini boshqa sog‘liqni saqlash xizmatlari tashkil etgan. Shifoxona xizmatlari ulushi 32,3 foizni, shifokorlik amaliyoti va stomatologiya xizmatlari esa 14,4 foizga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakatda tibbiyot sohasiga ajratiladigan mablag‘ 49 trln so‘mga yetgandi.

Teglar

Mavzuga oid