Logo

O‘zbekiston turizm eksportida $6 mlrdlik marrani muddatidan 4 yil avval zabt etdi

Bugun 08:303 daqiqa

Xorijiy tashriflar 19,4 foizga, turizm xizmatlari eksporti esa 49,5 foizga o‘sdi. Markaziy Osiyo davlatlari tushumning 44,4 foizini ta’minladi.

O‘zbekiston turizm eksportida $6 mlrdlik marrani muddatidan 4 yil avval zabt etdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonning turizm xizmatlari eksporti 6 milliard 75,7 million dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 49,5 foizga ko‘p. Turizm xizmatlari mamlakat umumiy eksportining 20 foizini tashkil etdi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Shu davrda O‘zbekistonga turizm maqsadida jami 11 million 622 ming 100 nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning yanvar–oktabr oylariga nisbatan qariyb 1,9 million nafarga yoki 19,4 foizga oshgan.

Turistlar qayerdan kelmoqda?

2026 yilning dastlabki 10 oyida O‘zbekistonga kelgan xorijliklar soni bo‘yicha qo‘shni davlatlar yaqqol yetakchilik qilmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi o‘nlik quyidagicha:

O‘rin

Mamlakat

Tashriflar soni

1

Qirg‘iziston

3 180 403

2

Qozog‘iston

2 703 401

3

Tojikiston

2 553 147

4

Rossiya

1 104 057

5

Afg‘oniston

432 651

6

Xitoy

430 326

7

Turkmaniston

289 933

8

Turkiya

169 553

9

Hindiston

64 344

10

Germaniya

50 846

Jadvaldan ko‘rinib turganidek, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan fuqarolar umumiy tashriflarning mutlaq ko‘pchiligini tashkil etadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridan tashriflarning ko‘pligi turizm xizmatlari eksportidagi geografik taqsimotda ham o‘z aksini topgan. Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mintaqa davlatlari eksport tushumining 44,4 foizini (yoki 2,7 mlrd dollar) ta’minlagan. Boshqa mamlakatlar hissasiga esa 55,6 foiz (qariyb 3,4 mlrd dollar) to‘g‘ri keladi.

Xitoy, Yaponiya va Malayziyadan sayyohlar oqimi ko‘paydi

Tashriflar geografiyasida nafaqat qo‘shnilar, balki Osiyoning boshqa mamlakatlari va G‘arb davlatlari ham muhim o‘rin tutmoqda.

Xususan, 2026 yilning o‘n oyida Xitoydan kelgan fuqarolar soni 430,3 ming kishiga yetgan (bu o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘p).

Boshqa davlatlar bo‘yicha ham sezilarli o‘sish qayd etilgan:

  • Misr — 1,9 barobar (7,5 ming nafar);

  • Malayziya — 1,7 barobar (15,9 ming nafar);

  • Indoneziya — 1,6 barobar (10,5 ming nafar);

  • Yaponiya — 1,5 barobar (42,8 ming nafar);

  • AQSH — 1,4 barobar (47,3 ming nafar);

  • Germaniya va Buyuk Britaniya — 26 foizdan (mos ravishda 50,8 ming va 30,2 ming nafar);

  • Fransiya — 20 foiz (32,9 ming nafar);

  • Turkiya — 15 foiz (169,6 ming nafar).

Turizm infratuzilmasi ham kengaymoqda

Turizm qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmi holatiga O‘zbekistonda joylashtirish vositalari (mehmonxonalar, yotoqxonalar, mehmon uylari) soni 7 364 taga, ularning umumiy sig‘imi esa 202,3 ming o‘ringa yetgan.

Shu davrda hududlarda qiymati 200,2 million dollarga teng bo‘lgan 97 ta turizm loyihasi ishga tushirilib, 2 134 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Mamlakatda xalqaro mehmonxona brendlari soni 31 taga, turistik qishloqlar soni esa 48 taga yetgan.

Shuningdek, ichki turizm ham faol rivojlanmoqda: «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» dasturi doirasida yarim yil ichida 13,4 milliondan ortiq ichki safar amalga oshirilgan.

2030 yil marralaridan biriga muddatidan avval erishildimi?

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasida turizm sohasi uchun qator ulkan maqsadlar belgilangan:

  • Xorijiy turistlar sonini 20 million nafarga yetkazish;

  • Turizm xizmatlari eksportini yiliga 6 milliard dollardan oshirish;

  • Turizmning YAIMdagi ulushini 3,5 foizdan 7 foizga ko‘tarish;

  • To‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar sonini ikki barobar oshirish.

Bu maqsadlar orasida eksport tushumi bo‘yicha ko‘rsatkich alohida e’tiborga loyiq. 2026 yilning dastlabki 10 oyidayoq eksport 6,08 milliard dollarni tashkil etdi — ya’ni strategiyada 2030 yil uchun belgilangan 6 milliard dollarlik marra muddatidan ancha avval bosib o‘tildi. Biroq, 20 millionlik tashriflar maqsadiga erishish uchun hali vaqt talab etiladi.

Teglar

Mavzuga oid