
O‘zbekiston va Ozarboyjon 2027 yilgi FIFA U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlikni rasman boshladi
Prezidentlar qaroriga ko‘ra, Jahon chempionati bilan bog‘liq xarajatlar 2026–2027 yillar Davlat byudjeti parametrlariga kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2027 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qarorni imzoladi. Hujjat musobaqani FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga to‘liq mos holda, yuqori saviyada tashkil etishga qaratilgan.
Qarorga ko‘ra, Jahon chempionatiga tayyorgarlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida infratuzilmani yaratish, ishtirokchilar va muxlislar uchun qulay xizmatlar tashkil etish, shuningdek, musobaqa orqali O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish belgilandi. Bu chempionat mamlakat uchun yirik xalqaro sport tadbirlarini o‘tkazish tajribasini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Tayyorgarlik jarayonlarini muvofiqlashtirish uchun Bosh vazir rahbarligida maxsus Tashkiliy qo‘mita tuzildi. Uning zimmasiga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, chempionat o‘tkaziladigan ob’ektlarni zamonaviy texnika va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlash, transport, viza, tibbiy xizmat va volontyorlik masalalarini tashkil etish vazifalari yuklatildi.
Shuningdek, chempionat o‘tadigan hududlarda uzluksiz va muqobil elektr energiyasi ta’minoti ta’minlanadi, stadionlar, mashg‘ulot maydonlari va mehmonxonalar to‘liq tayyor holatga keltiriladi. «Yangi Toshkent markaziy futbol o‘yingohi» FIFA va OFK'ning nufuzli musobaqalar o‘tkazish talablariga moslashtiriladi.
Qarorda moliyalashtirish masalalari ham aniq belgilab qo‘yildi. Jahon chempionati bilan bog‘liq xarajatlar 2026–2027 yillar Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi. Chempionat kunlari akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar va o‘yin chiptalariga ega muxlislar uchun jamoat transportidan, jumladan avtobus va metrodan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Axborot qamrovini kengaytirish maqsadida milliy teleradiokompaniya va axborot agentliklariga translyatsiya litsenziyalarini olish, media reja ishlab chiqish hamda musobaqani mahalliy va xalqaro OAVda keng yoritish vazifalari yuklatildi.
Qayd etib o‘tish kerak, xuddi shunday qaror Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan ham imzolangan.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning Vaqt.uzʼga ma’lum qilishicha O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari tomonidan 2027-yilda futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorlarning bir vaqtda imzolanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining yuksak darajasini yaqqol namoyon etadi.
Mazkur qadam Toshkent va Boku o‘rtasida sport va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga, shuningdek, yirik xalqaro loyihalarni birgalikda amalga oshirishga bo‘lgan o‘zaro ishonch va tayyorlikni tasdiqlaydi.
U-20 Jahon chempionatining o‘tkazilishi O‘zbekiston va Ozarbayjonning xalqaro nufuzini oshirish, yoshlar sportini rivojlantirish hamda do‘stlik, o‘zaro anglashuv va halol raqobat qadriyatlarini targ‘ib etishga muhim hissa qo‘shadi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada tayyorlash va o‘tkazish yo‘lida xalqaro hamkorlikni izchil qo‘llab-quvvatlab boradi, dedi A.Burhonov.





