Logo

O‘zbekiston va Qirg‘iziston pensiya ta’minoti bo‘yicha yangi bitim imzoladi

Hujjatga ko‘ra, endi ikki mamlakatda ishlagan fuqarolarning staji inobatga olinadi va ular boshqa davlatga ko‘chgan taqdirda ham pensiya olish imkoniyati saqlab qolinadi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston pensiya ta’minoti bo‘yicha yangi bitim imzoladi

2026 yil 30-iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasining Cho‘lpon-Ota shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur bitim ikki davlat hududida mehnat qilgan fuqarolarning pensiya huquqlarini himoya qilish va pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Bitimning asosiy qoidalari:

• har bir davlat fuqaroning o‘z hududida orttirgan ish (sug‘urta) staji uchun pensiya tayinlaydi va to‘laydi;

• pensiya miqdori har bir davlatning milliy qonunchiligi asosida, shu davlat hududida ishlagan staj, ish haqi yoki to‘langan sug‘urta badallaridan kelib chiqib hisoblanadi;

• bir davlatda tayinlangan pensiyani pensioner boshqa tomon hududida ko‘chgan taqdirda ham olish imkoniyati ta’minlanadi;

• ikki davlat fuqarolariga teng huquqlar beriladi, shuningdek dafn etish nafaqasi, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va vakolatli organlar o‘rtasida axborot almashish tartiblari belgilanadi.

«Bitimning o‘tish qoidalariga muvofiq, u kuchga kirgunga qadar orttirilgan ish staji milliy qonunchilik hamda 1992 yil 13-martdagi MDH bitimi asosida inobatga olinadi», — deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid