
O‘zbekiston Yaponiya bilan ta’lim va fan sohasida strategik sheriklikni kengaytiradi
Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish ikki davlat munosabatlarining strategik yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri Matsumoto Yoxey, Yaponiya fanni ilgari surish jamiyati rahbariyati hamda Sukuba universiteti, Nagoya, Tottori universitetlari, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti hamda Nagoya iqtisodiyot universiteti rahbarlari bilan muloqot qildi.
Davlat rahbari Yaponiya «iqtisodiy mo‘’jizasi»ning asosida ta’lim, fan va inson kapitaliga uzoq yillar davomida amalga oshirilgan investitsiyalar turganini ta’kidlab, ushbu tajriba O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Yaponiya ilmiy tadqiqotlarga sarflanadigan mablag‘lar va patentlar soni bo‘yicha dunyoda yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi.
Yaponiya ta’lim modeli tabiiy fanlar va matematika bo‘yicha mustahkam bazaga egaligi, intizom, jamoaviy ishlash va yuqori sifat standartlari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, muhandislik, robototexnika, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida yapon diplomlari xalqaro miqyosda yuqori baholanadi.
bugungi kunda 2,8 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba Yaponiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. JDS stipendiya dasturi orqali 440 nafardan ziyod davlat xizmatchilari Yaponiyada ta’lim olgan. Shuningdek, Samarqandda o‘tgan rektorlar forumi ikki davlat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilgan.
Uchrashuvda sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, qishloq va suv xo‘jaligi, «yashil» energetika, barqaror rivojlanish, seysmologiya va «aqlli shahar» texnologiyalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Ushbu sohalarda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi.
Hamkorlikni tizimli rivojlantirish maqsadida ta’lim va fan bo‘yicha qo‘shma komissiya, innovatsiyalar bo‘yicha konsorsium tashkil etish, shuningdek, o‘quv jarayoniga sun’iy intellektni joriy etish taklif etildi. Tadbir yakunida oliy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim va Sukuba universiteti bilan O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasasi tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.





