add

O‘zbekiston yashash eng arzon bo‘lgan dunyoning TOP-20 ta davlati qatoriga kirdi

Bugun 16:552 daqiqa

Numbeo xalqaro portali 155 ta davlatda yashash xarajatlarini taqqoslab chiqdi.

O‘zbekiston yashash eng arzon bo‘lgan dunyoning TOP-20 ta davlati qatoriga kirdi

Markaziy Osiyoning barcha davlatlari yashash xarajatlari bo‘ycha dunyoning eng arzon mamlakatlar qatoriga kirdi. Bu haqda Numbeo xalqaro portali tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotda ma’lum bo‘ldi.

Platformaning 155 ta davlatni qamrab olgan dunyo reytingida taqqoslash uchun asos sifatida Nyu-York shahridagi narxlar tanlangan bo‘lib, u yerdagi daraja 100 ball sifatida qabul qilingan. Indeks qanchalik past bo‘lsa, o‘sha davlatda kundalik hayot xarajatlari shunchalik arzon deya belgilangan.

Mazkur tadqiqot natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston 128-o‘rinda, Tojikiston 136-o‘rinda, O‘zbekiston 138-o‘rinda va Qirg‘iziston 140-o‘rinda qayd etilgan. O‘zbekistondagi yashash qiymati indeksi 27,3 ballni tashkil etib, bu ko‘rsatkich mamlakatning dunyodagi eng arzon yigirmata davlat safiga kirishini ta’minlagan.

Reytingni tuzishda mutaxassislar bir necha muhim omillarni, xususan, uy-joy ijarasi, kommunal to‘lovlar va oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini hisobga olgan. Shuningdek, restoranlar va aholining real xarid qobiliyati ham umumiy indeksni shakllantirishda asosiy mezonlardan biri sifatida qo‘llanilgan.

Mintaqa davlatlari ichida aholining xarid qobiliyati bo‘yicha Qozog‘iston eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan bo‘lsa, Tojikistonda bu raqam eng past darajada qolmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, yashash xarajatlarining pastligi har doim ham aholi farovonligining yuqoriligini yoki hayot sifatining a’lo darajada ekanini anglatmaydi.

Jahon miqyosida esa Bermud, Kayman va Virjin orollari yashash uchun eng qimmat hududlar deb topilgan bo‘lsa, Pokiston, Hindiston va Liviya ro‘yxatning eng quyi qismida joylashgan.

Teglar

Mavzuga oid