add

O‘zbekiston «yashil» energiya bo‘yicha yangi kelishuvlar imzoladi

Bugun 07:582192

Abu-Dabida o‘tgan energetika forumida O‘zbekiston delegatsiyasi qo‘shma loyihalar va «yashil» energiya istiqbollari yuzasidan kelishuvlarga erishdi.

O‘zbekiston «yashil» energiya bo‘yicha yangi kelishuvlar imzoladi

2025 yil 2–6 noyabr kunlari Abu-Dabi shahrida «ADIPEC–2025» va «ENACT Majlis» kabi xalqaro forumlar bo‘lib o‘tdi. Bular energetika, sun’iy intellekt va raqamlashtirish sohalariga bag‘ishlangan yirik global yig‘inlardan sanaladi. Forumlarda dunyo bo‘yicha energetika vazirlari va yetakchi korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchilik qildi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Tadbirda sun’iy intellekt texnologiyalarini energetika sohasiga tatbiq etish, xususan elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish hamda ma’lumotlar markazlari va raqamli tarmoqlar samaradorligi kabi masalalar muhokama qilindi. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi innovatsion modellar, energetik barqarorlik va tizimlarni modernizatsiya qilish yuzasidan ham tajriba almashildi.

Forum doirasida «Energiya xavfsizligi va barqarorligini diversifikatsiya qilish» mavzusida vazirlar ishtirokidagi davra suhbati o‘tkazildi. Unda global energetika bozorida yuzaga kelayotgan ehtiyojlar va ularga amaliyotga yo‘naltirilgan yondashuvlar muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasi forum doirasida BAA Sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri Sulton Ahmad Al-Jobir, Energetika vaziri Suhayl al-Mazruiy hamda «Masdar», «AMEA Power», «Siemens Energy», «Honeywell» va «BP» kabi yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Tomonlar qo‘shma loyihalarda erishilgan natijalar va kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Ayni vaqtda «Masdar» bilan 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi, shuningdek, 63 MW quvvatdagi energiya saqlash tizimi faol ishlab turibdi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 300 MW quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda. Forum yakunida «Masdar» bilan Navoiy viloyatida 300 MW/600 MWh va «AMEA Power» bilan 200 MW/800 MWh quvvatdagi energiya saqlash tizimlari bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston «yashil» energiya bo‘yicha yangi kelishuvlar imzoladi | Vaqt.uz