add

O‘zbekiston yashil iqtisodiyotni rivojlantirish uchun OIIB'dan 500 mln dollar qarz oladi

02.12.2025 | 11:251822 daqiqa

Mablag‘lar davlat xaridlarida iqlimga mos standartlarni joriy etish va uglerod kreditlari bozorini yaratish uchun ishlatiladi.

O‘zbekiston yashil iqtisodiyotni rivojlantirish uchun OIIB'dan 500 mln dollar qarz oladi

O‘zbekiston va Osiyo infratuzilma investitsiya banki (OIIB) barqaror bozorni rivojlantirish modeliga o‘tish dasturini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mablag‘lar asosan kam uglerodli iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, iqlim o‘zgarishiga chidamli tizimlarni kuchaytirish va davlat sektorida samaradorlikni oshirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish uchun sarflanadi. Dastur energetika sektorida, shuningdek yirik davlat korxonalarida boshqaruv shaffofligini oshirishni maqsad qiladi.

Loyiha doirasida davlat xaridlari tizimiga iqlimga mos standartlarni joriy etish, uglerod kreditlari bozori uchun aniq qoidalarni ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bunda monitoring va tekshirish mexanizmlarini kuchaytirish orqali xususiy kapitalni jalb etish imkoniyatlari kengaytiriladi.

O‘tkazilayotgan dastur Jahon banki bilan birgalikda moliyalashtiriladi va O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha milliy strategiyasiga to‘liq mos keladi. Shu bilan birga, u «O‘zbekiston 2030» strategiyasida belgilangan toza energiya va resurslar samaradorligiga oid maqsadlarni amaliy qo‘llab-quvvatlaydi.

OIIBning bosh investitsiya direktori Konstantin Limitovskiyning ta’kidlashicha, ushbu tashabbus iqlim moliyalashtirishini kengaytirish, xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish va mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘zgarishlar uchun mustahkam asos yaratadi. Uning fikricha, bu islohotlar energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va resurslardan oqilona foydalanish orqali havo sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Toza energiya yechimlarini joriy etish va resurslardan oqilona foydalanish issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va havo sifatini yaxshilashga yordam beradi deb kutilmoqda. Bundan tashqari, energiya tejamkor texnologiyalarga kirishni kengaytirish aholi uchun energiya xarajatlarini kamaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hukumati va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) Xorazm va Qoraqalpog‘istondagi qishloq yo‘llarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 71,1 million dollar miqdorida kredit ajratish yuzasidan kelishuvga erishgandi. Bu kelishuv 173,4 million dollarlik ikki bosqichli moliyalashtirish rejasining birinchi transhini tashkil etadi.

Teglar

Mavzuga oid