add

O‘zbekiston YIM hajmi 2030-yilgacha 240 mlrd dollardan oshiriladi – Shavkat Mirziyoyev

Bugun 12:091842 daqiqa

Prezident iqtisodiy o‘sish sur’atlari saqlansa, kelgusi besh yilda YIMni 240 mlrd dollarga yetkazish mumkinligini bildirdi.

O‘zbekiston YIM hajmi 2030-yilgacha 240 mlrd dollardan oshiriladi – Shavkat Mirziyoyev

Davlat rahbari ma’lum qilishicha, joriy yil mamlakat tarixida ilk bor yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshib, iqtisodiy salohiyat va amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasini yaqqol namoyon etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasida ta’kidladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bunday natijalar xalqning mehnati, tadbirkorlar faolligi va iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan islohotlar samarasidir. Davlat rahbari bu yutuqlar O‘zbekiston jamiyati qanday ulkan marralarga erisha olishini ko‘rsatayotganini qayd etdi.

Eslatib o‘tilganidek, ikki yil avval qabul qilingan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida yalpi ichki mahsulot hajmini 2030 yilga qadar 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangan edi. Biroq mavjud imkoniyatlar va iqtisodiy faollikning oshishi hisobidan ushbu ko‘rsatkichga 2026 yilning o‘zidayoq erishish mumkinligi ta’kidlandi.

Prezident ta’lim va tibbiyot sohalarida ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy etish, yangi texnologiyalarni jalb qilish hamda kadrlarni ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarga tayyorlash orqali kelgusi besh yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Shuningdek, prezident global iqtisodiy raqobat sharoitida malakali kadrlar va zamonaviy texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, iqtisodiyotni yangi sifat bosqichiga olib chiqish uchun yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqlarni rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Xususan, daromadli servis xizmatlarini kengaytirish, bioinjeneriya imkoniyatlaridan faol foydalanish, ilg‘or agrotexnologiyalar va suv tejaydigan usullarni joriy etish muhim yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatildi. Shuningdek, «yashil» energetikaga o‘tish, chiqindisiz ishlab chiqarishni rivojlantirish va resurslardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Teglar

Mavzuga oid