Logo

O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lganlarga diniy ta’lim olish imkoniyatini yaratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda

Bugun 21:222 daqiqa

Muzaffar Komilov hukumat voyaga yetmagan fuqarolarning diniy ta’lim olishiga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish ustida ishlayotganini aytdi.

O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lganlarga diniy ta’lim olish imkoniyatini yaratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda

O‘zbekistonda voyaga yetmagan, ya’ni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning diniy ta’lim olishi bo‘yicha amaldagi cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish va sharoit yaratish masalasi o‘rganilmoqda. Bu haqda «Daryo» O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i Muzaffar Komilovga tayanib, ma’lum qildi.

«Ta’limdan hech kim to‘smaydi»

Muzaffar Komilovning ta’kidlashicha, ta’lim jamiyatdagi ko‘plab muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega va qonun doirasida diniy ta’lim olish istagida bo‘lganlar uchun barcha formatlar ochiq. Ammo avvalgi davrlarda ma’lum sabablarga ko‘ra joriy qilingan cheklovlar hozirda tahlil qilinmoqda.

«Ko‘rib chiqilyapti, o‘ylayapmiz bu narsalarni, o‘rganyapmiz. Ochiq aytish kerak, ta’lim bugun ko‘p narsani hal qilishi mumkin. Lekin gap ta’lim olish omillari haqida ketyapti. Ta’limdan hech kim to‘smaydi. Marhamat, diniy ta’lim olaman deganga qonun doirasida mumkin bo‘lgan hamma formatlar ochiq. Lekin qonunan muayyan sabablarga ko‘ra to‘xtatilgan holatlar o‘rganib chiqilyapti. Qani, nima sababdan to‘xtatildi, nega mumkin emas va endi mumkin degan maqom berishimizning zaruriyati qandayligi tahlil qilinmoqda», — dedi departament rahbari.

11


Jamiyat bunga tayyor bo‘lishi kerak

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi o‘zgarishlarni amalga oshirishda qator obyektiv va subyektiv holatlar mavjud bo‘lib, ulardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Jamiyat, insonlar va oilalarning o‘zi bunday o‘zgarishlarga tayyor bo‘lishi lozim.

Komilov O‘zbekistonning qisqa tarixida ikki marta (80-yillar oxiri — 90-yillar boshi va 2016 yildan keyingi davr) diniy erkinliklar birdan berilganini, buning natijasida turli tartibsizliklar va huquqlarni suiiste’mol qilish holatlari yuzaga kelganini eslatib o‘tdi.

«O‘zbekiston juda ham bir qaysidir ma’noda jiddiy mintaqada joylashgan. Shunday hushyor bo‘lmasak bo‘lmaydi. Bu dinni to‘sish yoki dinga nisbatan emas. Bizdagi xavflar va aynan bizdagi boshboshdoqlik yoki tartibsizlikni kutayotgan qaysidir omillar borligini hammamiz yaxshi bilamiz», — deya ta’kidladi u.


Qonunlar takomillashtirilmoqda va xorij tajribasi o‘rganilmoqda

Davlatning dunyoviylik tamoyiliga urg‘u bergan mas’ul, qonun doirasida yangi imkoniyatlar bosqichma-bosqich ochilishini, hozirda bu borada tadqiqot institutlari ishlayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, diniy masalalarda haddan oshish («ifrot va tafrit») holatlariga qarshi mo‘’tadil yo‘lni ko‘rsatib berish zarurligi ta’kidlandi.

18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uchun sharoit yaratish masalasida qaysi davlatdan andoza olinayotgani haqidagi savolga Komilov «andoza olinmasligi, balki turli mamlakatlar, hatto Amerika Qo‘shma Shtatlari tajribasi ham o‘rganilayotganini» aytdi.

«Biz mo‘’tadil, vasatiyani to‘g‘irlab bersakkina, shunda adashish bo‘lmaydi. Bizda o‘sha vasatiyani hali chizib berilmagani uchun, hamma vasatiyani o‘zicha tushuna boshlagani uchun muammolarimiz hali yechim topmayapti», — dedi Muzaffar Komilov.


Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekistonda madrasalarda (o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida) ta’lim olish uchun yoshlar umumiy o‘rta ta’lim (11 yillik maktab)ni yakunlagan bo‘lishi talab etiladi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lganlarga diniy ta’lim olish imkoniyatini yaratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda | Vaqt.uz