
O‘zbekistonda 2025 yilning oktabri — eng qurg‘oqchil va eng issiq oylardan biri bo‘ldi
2025 yil oktabrida O‘zbekiston bo‘ylab havo harorati odatdagidan ancha yuqori, yomg‘ir esa ancha kam kuzatildi. Ayrim hududlarda qurg‘oqchilik bo‘ldi.

O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oktabr oyi O‘zbekistonda illiq va quruq ob-havosi bilan ajralib turdi. Respublika bo‘ylab harorat ko‘rsatkichlari ko‘p yillik o‘rtacha miqdorlarga nisbatan 1,5–2,7°C ga yuqori bo‘ldi. Bu oydagi minimal va maksimal haroratlar esa ekstremal darajalarga yetmadi.

Harorat ko‘tarilishi bilan birga yomg‘ir ham kam yogdi. Xususan, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yomg‘ir deyarli kuzatilmadi. Boshqa hududlarda ham faqat 1–3 kunlik qisqa muddatli yomg‘ir yog‘di. Masalan, Farg‘ona vodiysi va Qoraqalpog‘istonning ayrim joylarida yog‘ingarchilik miqdori 7–12 mmni tashkil etdi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda nisbatan ko‘proq yog‘ingarchilik qayd etildi. Ayniqsa Toshkent viloyatining baland tog‘li hududlarida yomg‘ir miqdori 50–100 mmga yetdi. Oktyabr oxirida Oygaing meteostansiyasi hududida birinchi bor 10 smgacha bo‘lgan qor qoplami qayd etildi.
Ayrim hududlarda shamol kuchayishi kuzatildi. Uning tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha yetib, ayniqsa janubiy va cho‘l hududlarida kuchli shamol va chang-to‘zonlar yuzaga keldi. Buning barobarida, iqlim o‘zgarishiga oid belgilar yana bir bor yaqqol ko‘rindi.
Shu bilan, 2025 yil oktabr oyi O‘zbekistondagi eng qurg‘oqchil va eng issiq oylardan biri sifatida qayd etildi.





