O‘zbekistonda agrar soha uchun yangi kompensatsiya va subsidiyalar e’lon qilindi

Bugun 11:402 daqiqa

2026-yil hosilidan boshlab paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi joriy etiladi. Shuningdek, dizel yoqilg‘isi uchun ham subsidiya ajratiladi.

O‘zbekistonda agrar soha uchun yangi kompensatsiya va subsidiyalar e’lon qilindi © Javhar Chorshanbiyeva

Endi O‘zbekistonda paxta va bug‘doy yetishtiruvchilar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi. Bu 8-may kuni qabul qilingan «Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida belgilangan.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil hosilidan boshlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan paxta xomashyosini yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foizning 2,5 foizlik punkti, hosil yilining yakuniga (31-dekabriga) qadar qaytargan xo‘jaliklarga kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 5 foizlik punkti kompensatsiya qilinadi.
 
Shuningdek, bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1-avgustiga qadar to‘liq qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 4 foizlik punkti hamda paxta xomashyosini xarid qilish uchun paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda paxta xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga ajratilgan tijorat kreditlari bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 8 foiz punktidan yuqori, lekin 16 foiz punktdan oshmagan qismi kompensatsiya qilinadi.

Ayrim qishloq xo‘jaligi korxonalariga subsidiya ajratiladi
 
Farmonga ko‘ra, dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash maqsadida 2026-yil 1-apreldan 2026-yil 1-iyulgacha qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja orqali xarid qilingan har bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining 13 mln so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda respublika budjeti hisobidan Agrar sohada to‘lovlar agentligi orqali subsidiya ajratiladi.
 
2026-yil 1-sentabrdan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining xo‘jaliklarga quyidagi subsidiyalarni ajratish vakolati Agrar sohada to‘lovlar agentligiga o‘tkaziladi:
 
*qishloq xo‘jaligi subyektlariga o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotganda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining bir qismini qoplab berish;
 
*paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qilingan paxta xomashyosi qiymatining bir qismini qoplab berish.

Teglar

Mavzuga oid