Logo

O‘zbekistonda aholi kreditlari biznesnikiga nisbatan tezroq o‘smoqda

Bugun 13:052 daqiqa

Bir yil ichida aholining banklar oldidagi kredit qarzi 39,5 trln so‘mga ko‘paydi. Kredit turlari orasida ipoteka va mikrokreditlar o‘sish qayd etgan, ta’lim kreditlari esa kamaygan.

O‘zbekistonda aholi kreditlari biznesnikiga nisbatan tezroq o‘smoqda

2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bank tizimidagi jami kreditlar qoldig‘i 642,8 trln so‘mni tashkil etdi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshiga nisbatan bu ko‘rsatkich 6,4 foizga, ya’ni 38,8 trln so‘mga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 67,6 trln so‘mga o‘sgan.

Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘i yarim yilda 220,3 trln so‘mdan 235,9 trln so‘mga yetib, 7,1 foizga oshdi. Yuridik shaxslar kreditlari esa 383,7 trln so‘mdan 406,9 trln so‘mga ko‘tarilib, o‘sish sur’ati 6,1 foizni tashkil qildi. Bu aholi qarzdorligi korxonalarga nisbatan tezroq o‘sganini ko‘rsatadi.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda aholi kreditlari qariyb 39 trln so‘mga, korxonalarniki esa 28,6 trln so‘mga ko‘paygan.

Ipoteka va mikrokreditlar o‘sdi

Jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit turlari kesimida eng katta hajmni ipoteka kreditlari saqlab qolmoqda. Ular yil boshidan buyon 79,4 trln so‘mdan 86,6 trln so‘mga yetib, 9 foizga o‘sdi.

Mikrokreditlar hajmi 13,1 foizga oshib, 45,8 trln so‘mni tashkil etdi. Mikroqarzlar 3,5 foizga o‘sib, 50,6 trln so‘mga yetdi. Kredit kartalari va overdraftlar kabi boshqa iste’mol kreditlari esa eng yuqori sur’atlardan birini qayd etib, 29,8 foizga oshib 5,8 trln so‘mga yetdi.

Shu bilan birga, avtokreditlar deyarli o‘zgarmay, 39,8 trln so‘m darajasida qoldi. Ta’lim kreditlari esa 0,9 foizga qisqarib, 6,9 trln so‘mni tashkil qildi.

Qaysi banklar yetakchi?

Banklar kesimida jami kredit qoldig‘ining 422,2 trln so‘mi davlat banklari, 220,5 trln so‘mi esa xususiy banklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Davlat banklari kredit portfeli bir yilda 26 trln so‘mga, xususiy banklarniki esa 39,5 trln so‘mga oshgan.

Eng yirik kredit portfeliga ega banklar sifatida «Milliy bank» (107,1 trln so‘m) va «Agrobank» (91,2 trln so‘m) qayd etildi. Xususiy banklar orasida esa «Kapitalbank» 38,3 trln so‘mlik kredit portfeli bilan yetakchilik qildi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda aholi kreditlari biznesnikiga nisbatan tezroq o‘smoqda | Vaqt.uz