Logo

O‘zbekistonda elektr iste’moli sakkizinchi kun tarixiy rekord o‘rnatdi

Bugun 16:492 daqiqa

Anomal issiq tufayli O‘zbekistonda elektr energiyasiga talab tarixda ilk bor 300 mln kWh'dan oshdi.

O‘zbekistonda elektr iste’moli sakkizinchi kun tarixiy rekord o‘rnatdi © Pxhere

O‘zbekistonda anomal issiq ob-havo sharoiti elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi tarixiy rekordni qayd etdi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 20-iyul kuni yagona energetika tizimida sutkalik elektr iste’moli ilk bor 300 mln kWh'lik chegaradan oshib, 301,9 mln kWh'ni tashkil qildi.

Shu kuni mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish ham rekord darajaga chiqdi. Bir sutka davomida 305,4 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Vazirlik bu ko‘rsatkichlar yuqori harorat sharoitida konditsionerlar va boshqa sovitish uskunalariga talab oshgani bilan izohlanishini bildirdi.

20-iyul kuni soat 17:22 da yagona energetika tizimidagi maksimal yuklama ham yangi cho‘qqiga chiqib, 14,2 GW'ni tashkil etdi.

Yangi rekordlar

Yangi sutkalik iste’mol ko‘rsatkichi o‘tgan yil yozgi mavsumida qayd etilgan eng yuqori natijadan 29,3 mlnkWh'ga yoki 10,75 foizga yuqori bo‘ldi.

Shuningdek, 18-iyul kuni qayd etilgan 294,4 mln kWh'lik avvalgi rekord ham ikki kun ichida yangilandi. Yangi natija undan 7,5 mln kWh'ga yoki 2,55 foizga ko‘p bo‘ldi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha ham avvalgi rekord ortda qoldirildi. 20-iyul kunidagi 305,4 mln kWh'lik hajm 18-iyuldagi 297,1 mln kWh'lik natijadan 8,3 mln kWh'ga yoki 2,79 foizga yuqori bo‘ldi.

Uzilishlar kuzatildi

Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, yuqori yuklamaga qaramay, yagona energetika tizimi iste’molchilarni uzluksiz elektr bilan ta’minlash uchun barqaror ishlagan. Biroq ayrim hududlarda tarmoqlarda nosozliklar yuzaga kelgan.

Xususan, Toshkent shahrining Olmazor, Yakkasaroy, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida minglab iste’molchilar qisqa muddat elektr ta’minotisiz qoldi. Barcha holatlarda avariya-ta’mirlash brigadalari nosozliklarni tezkor bartaraf etib, elektr ta’minotini qayta tikladi.

21-iyul tongida Sergeli va Olmazor tumanlarida ham 600 nafar iste’molchi vaqtincha elektrsiz qolgan bo‘lsa-da, ta’mirlash ishlari yakunlangach, elektr ta’minoti to‘liq tiklangan.

Eslatib o‘tamiz, 13-iyul kuni O‘zbekistonda bir sutkalik elektr energiyasi iste’moli ilk marta 278,6 mln kWh'ga yetib, yozgi mavsum uchun yangi rekord o‘rnatgan edi.

Teglar

Mavzuga oid