Logo

O‘zbekistonda ham voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilmoqda

16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda ham voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova ma’lum qildi.

Uning aytishicha, mazkur tashabbus yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan muhokamalar o‘tkazilgan. Endi qonun loyihasini tayyorlab, uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

«Biz ham hozir ushbu masalani o‘ylayapmiz. Bu bo‘yicha deputatlarimiz va senatorlarimiz bilan ham gaplashdik. Qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz. Bu tartib bizda ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman», — dedi vazir.

E’zozxon Karimova bolalarni telefondan to‘liq voz kechtirish imkoni yo‘qligini, chunki zamonaviy hayotda mobil qurilmalar muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, u telefondan foydalanish madaniyatini shakllantirish va undan me’yor asosida foydalanish muhimligini qayd etdi.

«Hozir asri, bolalarimizdan telefonlarni yulib ololmaymiz. Albatta, telefon kerak. Ammo undan foydalanish madaniyati va me’yori ham bo‘lishi zarur. O‘quvchining maktabga kirishdan oldin telefonini qoldirishga oid buyruq chiqqan va odob-axloq qoidalari ham mavjud. Lekin bu qoidalar qayerdadir ishlaydi, qayerdadir esa ishlamaydi. Buni endilikda qattiq nazoratga olib, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarimizni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qonun bilan cheklamoqchimiz», — dedi E’zozxon Karimova.

So‘nggi oylarda qator davlatlar voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surmoqda. Jumladan, 18-iyun kuni BAAda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi taqiqlandi. Yangi qoidalarga ko‘ra, ushbu yosh toifasidagilar shaxsiy akkaunt ochishi yoki platformalarning to‘liq funksiyalaridan foydalanishi mumkin emas. Shuningdek, ota-onaning rasmiy roziligi ham mazkur taqiqdan istisno hisoblanmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarga yangi talablarni joriy etish uchun 12 oylik o‘tish muddati berilgan.

Teglar

Mavzuga oid