O‘zbekistonda ijara bozori 12,8 trln so‘mga yetdi

18.02.2026 | 17:142 daqiqa

2025 yil davomida ijara xizmatlari hajmi 19,1 foizga o‘sgan.

O‘zbekistonda ijara bozori 12,8 trln so‘mga yetdi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ijara xizmatlari hajmi 12,8 trillion so‘mni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 19,1 foizga o‘sgan. Natijada ijara bozori xizmatlar sohasida eng faol segmentlardan biri sifatida shakllanmoqda.

Hududlar kesimida eng yuqori hajm Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan — 4,5 trillion so‘m. Bu respublika bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichning salmoqli qismini tashkil etadi va poytaxtda biznes faolligi hamda ko‘chmas mulk bozori yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Ikkinchi o‘rinda Toshkent viloyati 1,5 trillion so‘m bilan qayd etilgan. Samarqand viloyatida ijara xizmatlari hajmi 1,4 trillion so‘mni tashkil etgan. Farg‘ona viloyati 900,7 milliard so‘m bilan keyingi pog‘onada joylashgan.

Andijon viloyatida ijara xizmatlari 761,3 milliard so‘mga, Qashqadaryo viloyatida 710,4 milliard so‘mga, Buxoro viloyatida esa 699,7 milliard so‘mga yetgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu ko‘rsatkich 476,6 milliard so‘mni tashkil etgan.

Qolgan hududlarda hajm nisbatan pastroq. Surxondaryo viloyatida 459,2 milliard so‘m, Namangan viloyatida 442,3 milliard so‘m, Xorazm viloyatida 319,6 milliard so‘m qayd etilgan. Jizzax viloyatida 259,8 milliard so‘m, Navoiy viloyatida 249,3 milliard so‘m va Sirdaryo viloyatida 196,5 milliard so‘mlik ijara xizmatlari ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yil boshida Toshkentda ijara bozori yana qimmatlashgani haqida xabar bergan edik. Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda 1 kv metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,8 dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9 foiz yuqori.

Teglar

Mavzuga oid