add

O‘zbekistonda inflyatsion kutilmalar rekord darajada pasaydi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari oktabr oyi yakunida ilk bor 12 foizdan past ko‘rsatkichga tushdi.

O‘zbekistonda inflyatsion kutilmalar rekord darajada pasaydi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki oktabr oyi yakunlari bo‘yicha aholi va biznes sub’ektlarining inflyatsion kutilmalariga oid hisobotni e’lon qildi. Hisobot natijalariga ko‘ra, mamlakatda inflyatsion kutilmalar barqaror pasayish tendensiyasini namoyon etdi.

Aholi o‘rtasida inflyatsion kutilmalar 11,7 foizga, biznes vakillari orasida esa 11,1 foizga tushgan. Bu Markaziy bank mazkur so‘rovlarni o‘tkaza boshlaganidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shu bilan birga, aholi qatlamlari kesimida kutilmalar farqli bo‘lgan. Masalan, oylik daromadi 20–30 million so‘m bo‘lgan fuqarolarda inflyatsion xavotirlar 19 foizgacha o‘sgan bo‘lsa, daromadi 4 million so‘mdan kam bo‘lgan guruhlarda kutilmalar o‘rtachadan past darajada qolgan.

Biznes sub’ektlari orasidagi kutilmalar ham 0,6 bandiga pasayib, 11,1 foizni tashkil etgan. So‘rovda jami 3 431 nafar respondent ishtirok etgan bo‘lib, ular kelgusida narxlar o‘sishiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar sifatida yoqilg‘i va energiya resurslari qimmatlashishi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi hamda monopoliya holatlarini qayd etgan. Shu bilan birga, ish haqi va nafaqalarning oshishi kutilmalari qisqargan.

Sohalar kesimida aholi orasida maishiy xizmatlar va savdo sohalarida inflyatsion kutilmalar yuqori bo‘lgan, eng past ko‘rsatkich esa pensionerlar qatlamida kuzatilgan. Biznes sub’ektlari ichida madaniyat va san’at sohasida kutilmalar yuqori, qishloq xo‘jaligida esa nisbatan past darajada qayd etilgan.

Hududlar bo‘yicha Toshkent shahri aholisi inflatsiya xavotirini eng yuqori baholagan bo‘lsa, Farg‘ona viloyatida bu ko‘rsatkich eng past bo‘lgan. Biznes doirasida esa Xorazm viloyatida kutilmalar yuqori, Namanganda eng past daraja qayd etilgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi o‘rtacha 12,4 foizni tashkil etdi va sentabrga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi. Respondentlar asosan go‘sht, sut mahsulotlari, yoqilg‘i, dori vositalari hamda ta’lim xizmatlarida narx oshishini his qilgan.

Eslatib o‘tamiz, yillik inflatsiya oktabr oyida 2016 yildan beri eng past ko‘rsatkichga tushgan edi. Ammo oziq-ovqat narxlari, transport xizmatlari, benzin va propan sezilarli qimmatlashdi, palov narxi esa deyarli hamma hududda 100 ming so‘mdan oshgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda inflyatsion kutilmalar rekord darajada pasaydi | Vaqt.uz