add

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilindi

Bugun 15:051912

Deputatlar islomiy bank xizmatlarini amalga oshirishni huquqiy jihatdan tartibga soluvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ma’qullab, Senatga yubordi.

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatda bank tizimini modernizatsiya qilish va xalqaro tajribalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, moliya xizmatlari qamrovini kengaytirish hamda yangi turdagi bank amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish zarurati yuzaga kelgan.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilaydigan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilmoqda. Loyiha muhokamasi davomida deputatlar islomiy bank va moliya operatsiyalariga oid huquqiy normalarni loyihada to‘liq aks ettirilganini qayd etishdi. Shuningdek, moliya standartlari va investitsiyaviy depozitlar bo‘yicha avval berilgan takliflar inobatga olingani ta’kidlandi.

Hujjatda islomiy bank faoliyati uchun litsenziya olish tartibi aniq belgilab berilgan. Shuningdek, islomiy moliya operatsiyalariga oid asosiy tushunchalar ochib berilgan bo‘lib, bunday banklarga islomiy moliya standartlari asosida mijozlarni moliyalashtirish uchun savdo faoliyati bilan shug‘ullanish, yuridik shaxslar tashkil etish hamda ularning ustav kapitalida ishtirok etish huquqi beriladi.

Deputatlar ta’kidlashicha, qonun loyihasida islomiy moliya operatsiyalariga soliq solish tartibining joriy etilishi moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirib, yangi investitsiyaviy imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Qonunning qabul qilinishi mamlakatda islomiy bank tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilish tashabbusining asosiy maqsad va cheklovlarini, litsenziya masalasidagi yangiliklarni, shuningdek 2018 yildan buyon davom etayotgan jarayonlarni hamda o‘zbekistonliklarning bu xizmatlarga qay darajada ehtiyoji borligini tahlil qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi qabul qilindi | Vaqt.uz