Logo

O‘zbekistonda iyul oyi qanday ob-havoda o‘tadi?

Bugun 16:292 daqiqa

Iyul oyi O‘zbekistonda me’yordan ancha issiq kelishi kutilmoqda. Ayrim hududlarda harorat +45 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

O‘zbekistonda iyul oyi qanday ob-havoda o‘tadi?

O‘zbekistonda iyul oyi odatdagidan issiqroq o‘tishi kutilmoqda. «O‘zgidromet» prognoziga ko‘ra, oylik o‘rtacha havo harorati iqlimiy me’yordan 1,5–3 darajaga yuqori bo‘ladi. Ayrim hududlarda kunduzi havo harorati +45 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Sinoptiklar ma’lum qilishicha, oyning birinchi besh kuni nisbatan qulay ob-havo saqlanib, kunduzi +30...+35 daraja, janubda +36...+39 daraja kuzatiladi. Birinchi o‘n kunlik oxiriga kelib esa havo harorati +37...+40 darajagacha, janubiy hududlarda +41...+43 darajagacha ko‘tariladi.

Oyning ikkinchi yarmida ham jazirama saqlanib, respublika bo‘yicha havo harorati+ 33...+43 daraja oralig‘ida o‘zgarib turadi. Respublika shimoli, cho‘l hududlari va janubning ayrim joylarida harorat +45 darajagacha yetishi mumkin.

Issiq kunlar ko‘paymoqda

«O‘zgidromet» tahlillariga ko‘ra, so‘nggi yillarda +40 daraja va undan yuqori harorat kuzatiladigan kunlar soni ortib bormoqda. Agar 1991–2004-yillarda Toshkentda bunday kunlar odatda uch kundan oshmagan bo‘lsa, 2005-yildan keyin ularning soni izchil ko‘paygan.

Eng issiq iyul oylaridan biri 2019-yilda kuzatilgan. O‘shanda Toshkentda ketma-ket 14 kun davomida havo harorati +40 darajadan yuqori bo‘lgan. 2025-yil iyuli ham xuddi shunday issiq oylar qatoriga kirgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, oxirgi o‘n yillikdagi barcha iyul oylari iqlimiy me’yordan issiqroq bo‘lgan. Ularning to‘qqiztasi meteokuzatuvlar tarixidagi eng issiq o‘nta iyul oyi qatoriga kirgan.

Yomg‘ir kam bo‘ladi

Prognozga ko‘ra, iyul oyida respublika hududining katta qismida asosan quruq va yog‘ingarchiliksiz ob-havo hukm suradi. Faqat ayrim kunlari tog‘ oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli mahalliy yomg‘ir hamda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

Shuningdek, oylik yog‘ingarchilik miqdori iqlimiy me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda. Mutaxassislar kuchli issiq sharoitida aholiga quyoshning eng faol paytlarida ehtiyot choralariga amal qilishni tavsiya etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 25-iyundan O‘zbekistonda yozning eng jazirama pallasi – qirq kunlik chilla boshlanganligini, issiq ob-havoda qanday choralar ko‘rish kerakligi haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda iyul oyi qanday ob-havoda o‘tadi? | Vaqt.uz