add

O‘zbekistonda kompaniyalarni xalqaro IPOga tayyorlash bo‘yicha yangi bosqich boshlandi

Toshkentda o‘tgan «Uzbekistan Equity Capital Markets 2025» konferensiyasida mahalliy kompaniyalarni xalqaro birjalarga olib chiqishga tayyorlash va kapital bozorini tezkor, shaffof hamda investorga qulay tuzilmaga aylantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonda kompaniyalarni xalqaro IPOga tayyorlash bo‘yicha yangi bosqich boshlandi

Toshkentda o‘tgan «Uzbekistan Equity Capital Markets Conference & Bootcamp 2025» kapital bozorini xalqaro mezonlarga yaqinlashtirishga qaratilgan amaliy muloqot maydoniga aylandi.

Tadbir FTI Consulting tashabbusi bilan, London fond birjasi va UzAsset hamkorligida o‘tkazildi. Konferensiya O‘zbekiston kompaniyalarini xalqaro kapital bozorlariga chiqishga real tayyorlashni maqsad qilgan.

Konferensiyada davlat organlari, xalqaro moliya institutlari, yirik investorlar, konsalting kompaniyalari va bozor infratuzilmasi vakillari qatnashdi.

Investitsion jozibadorlikni oshirish, aksiyalarni joylashtirish(emissiya) jarayonlarini soddalashtirish va mahalliy emitentlar uchun xalqaro birjalarga chiqish yo‘lini ochish markaziy mavzularga aylandi.

Kapital bozorini tartibga solish vakolatlari NAPP (Istiqbolli loyihalar milliy agentligi) zimmasiga o‘tgach, regulyator qumdoni (sand) ishga tushirildi. Shu doirada xorijiy va mahalliy ishtirokchilar bilan onlayn investorni aniqlash, dividendlarni Markaziy depozitariy orqali masofadan to‘lash, RFB «Toshkent»da Free of Payment (FoB), ya’ni qimmatli qog‘ozni topshirish/olishni pul o‘tkazmasidan alohida bajarish tartibi kabi yechimlar sinovdan o‘tkazilmoqda. Maqsad esa byurokratiyani kamaytirish va operatsion tezlikni oshirish.

Yashil obligatsiyalar bo‘yicha ilk misollar bozorga kirdi, emitentlar uchun metodik va huquqiy ko‘rsatmalar shakllanyapti. Bu investor uchun aniq mezonlarni, emitent uchun esa xalqaro talabga mos instrumentni anglatadi. «Kapital bozori to‘g‘risida» va«Aksiyadorlik jamiyatlari hamda aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun hujjatlari xalqaro amaliyot bilan uyg‘unlashtirilmoqda.

Ular korporativ boshqaruv, oshkoralik, «rioya qilish yoki izohlash» (comply-or-explain) yondashuvi va investor huquqlarini kafolatlovchi normalarni tizimli tarzda birlashtiradi.

RFB «Toshkent» va depozitariy tizimini texnik va mahsulot jihatdan modernizatsiya qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Xususan, dual listing, ya’ni ikkita birjada bir vaqtda ro‘yxatdan o‘tish mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish mahalliy investor uchun xalqaro qimmatli qog‘ozlarga kirishni osonlashtiradi, emitentlar uchun esa xalqaro bozorlaridagi talab auditoriyasini kengaytiradi. Amaliy natija sifatida likvidlik ortadi, baholash sifati yaxshilanadi, talab manbalari ko‘payadi.

Konferensiya oddiy rasmiy uchrashuv emas, balki aniq yo‘l xaritasi hisoblanadi. Endi eng muhim bosqich rejalardan amaliyotga tez va intizom bilan o‘tishdir. Shunda O‘zbekiston emitentlarining xalqaro IPOlari «uzoq istiqbol» emas, yaqin yillarning real kun tartibiga aylanadi.

G.Bozorova tayyorladi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda kompaniyalarni xalqaro IPOga tayyorlash bo‘yicha yangi bosqich boshlandi | Vaqt.uz