O‘zbekistonda mart oyida 44 mingta uy sotildi. Bu mutlaq rekord
Aprel oyidan yo‘lga qo‘yilgan eskrou tizimi mamlakatda uy-joy savdosini keskin oshirib yubordi. Mart oyida o‘tgan oyga nisbatan 2 barobardan ko‘proq uy sotuvi amalga oshirildi.

Mart oyida mamlakat bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 43,6 mingtani tashkil qildi. Bu haqda iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar bermoqda.
O‘tgan oyda uylar sotuvi fevralga nisbatan 47 foizga ko‘paydi. 2025 yil martiga nisbatan o‘sish 2,1 barobarni tashkil qildi.
44 mingga yaqin uylarning oldi-sotdi shartnomasi O‘zbekiston uchun mutlaq rekord bo‘ldi. Bungacha qayd etilgan rekord ko‘rsatkich 2025 yil dekabr oyida edi — 32 ming atrofida.


Uy savdosining eng yuqori o‘sishi Sirdaryo viloyatida qayd etildi — bu yerda bitimlar soni 64,6 foizga oshgan.
Namangan viloyatida 63 foiz o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, Toshkent, Andijon, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, va Toshkent shahrida o‘sish sur’ati 40-50 foiz atrofida bo‘lgan.
Jami bitimlarning qariyb 34 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda bir oy davomida savdo hajmi 44 foizga oshib, 12,8 mingtaga yaqin bitim qayd etilgan.
Nega savdo bu qadar ko‘paydi?
Uy savdosi rekord darajada o‘sishi aprel oyidan joriy etilgan yangi hisob-kitob tartibiga o‘tish bilan bog‘liq.
1-apreldan boshlab, uylarning oldi-sotdisida naqd pulsiz — eksrou tizimi ishlamoqda. Bu o‘zgarish ayrim xaridorlarni uy-joy sotib olishni oldinroq amalga oshirishga undadi.
Eskrou — bu xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarda uchinchi tomon, O‘zbekiston milsolida bank ishtirok etadigan tizimdir. Uning asosiy vazifasi — tomonlar o‘rtasidagi ishonchni ta’minlash va mablag‘larni xavfsiz saqlashdan iborat.
Katta ehtimol bilan bu o‘sish barqaror trendni anglatmaydi. Aksincha, kelgusi oylarda ko‘chmas mulk bozorida “sovush” kuzatilib, oldi-sotdi shartnomalari soni pasayishi mumkin.
Markaziy bank ma’lum qilishicha, aprel oyining yarmida atiga 6,8 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari imzolangan.
Narxlar qanday o‘zgardi?
Mart oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar oylik hisobda 0,4 foizga oshgan.
Yillik hisobda esa narxlar o‘sishi yuqoriligicha qolmoqda. O‘rtacha olganda, ikkilamchi uy-joy narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 foizga ko‘tarilgan.
Eng katta o‘sish Sirdaryo viloyatida kuzatilib, narxlar 22 foizga oshgan. Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 18,7 foiz, Andijon viloyatida esa 17,6 foizni tashkil etgan.
Poytaxtdagi vaziyat
Poytaxtda uy-joy narxlari segmentlar kesimida turlicha o‘zgargan. Ikkilamchi bozorda o‘sish sekinlashgan bo‘lsa, yangi uylar bozorida narxlar sezilarli darajada oshgan.
Yillik hisobda ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha narxi 5 foizga ko‘tarilgan. Eng yuqori ko‘rsatkich Mirobod (7,3 foiz), Mirzo Ulug‘bek (7,2 foiz) va Chilonzor tumaniga (6,9 foiz) to‘g‘ri keldi.
Yangi uy-joylar bozorida esa narxlar yanada tezroq o‘sgan. O‘tgan yilning mart oyiga nisbatan bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi 8,8 foizga oshgan.
Bunda eng yuqori ko‘rsatkich Mirzo Ulug‘bek (15,5 foiz), Mirobod (14,9 foiz) va Yunusobod (14,6 foiz) tumanlarida qayd etilgan.
Teglar






