O‘zbekistonda mart oyida 78 mingta yengil avtomobil sotilgan
Mart oyida sotilgan yengil avtomobillarning 31 mingtasi birlamchi, 47,5 mingtasi esa ikkilamchi bozor hissasiga to‘g‘ri keldi.
© Foto: pinterest2026 yil mart oyida O‘zbekistonda birlamchi va ikkilamchi bozorlarda sotilgan barcha turdagi transport vositalari soni 93,5 mingtani tashkil etdi, bu fevral oyiga nisbatan 11,1 foizga o‘sish demakdir. Shuningdek, jami avtomobillarning 78 mingtadan ortig‘i yengil avtomobillarni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillarida ko‘rish mumkin.
Hisobotga ko‘ra, mart oyi yakunlarida yengil avtomobil savdosi fevralga nisbatan 19 foizga oshgan. Yillik kesimda ham ijobiy dinamika saqlanib, umumiy hajm 20,6 foizga o‘sgan. Bu esa mamlakatda avtomobillarga bo‘lgan talab barqaror o‘sish bosqichiga kirganini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimidagi farq
Hududlar kesimida ko‘pchilik viloyatlarda o‘sish qayd etilgan. Faqat Jizzax, Andijon va Samarqand viloyatlarida pasayish kuzatilgan. Eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida kuzatilib, bu yerda savdo hajmi 51,4 foizga oshgan. Shuningdek, Toshkent viloyatida 46 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Poytaxtda ham faollik yuqori bo‘lib, Toshkent shahrida yengil avtomobil bozori bir oyda 60,5 foizga o‘sgan. Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida ham sezilarli ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
Bozor segmentlari
Birlamchi bozorda mart oyida qariyb 31 mingta yangi yengil avtomobil sotilgan. Bu o‘tgan oyga nisbatan 13 foizga, yillik hisobda esa 37 foizga ko‘pdir. Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi 25 mingtani tashkil etib, yillik o‘sish 26,5 foizni ko‘rsatgan.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentida o‘sish yanada jadal bo‘lib, savdo hajmi bir oyda qariyb ikki barobarga oshib, 5,7 mingtaga yetgan. Yillik hisobda ham bu segmentda sezilarli o‘sish qayd etilgan.
Ikkilamchi bozorda esa 47,5 mingta yengil avtomobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan oyga nisbatan 23 foizga ko‘pdir. Yillik o‘sish 12 foizni tashkil etgan.
Elektromobillar bozorida ham faollik oshgan. Mart oyida jami 5,5 mingta elektromobil sotilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga o‘sgan.





