add

O‘zbekistonda nafaqa pullaridan kredit qarzdorligini undirish taqiqlandi

29.10.2025 | 09:384052

Endi banklar davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqa va yordam pullarini kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun yechib olishi mumkin emas.

O‘zbekistonda nafaqa pullaridan kredit qarzdorligini undirish taqiqlandi

Adliya vazirligi Markaziy bankning «Bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklari faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qarorini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Hujjatda banklar bilan munosabatda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator muhim yangiliklar belgilandi.

Yangi talablarga ko‘ra, davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy nafaqa va yordam pullari, shu jumladan ijtimoiy kartalarga kelib tushadigan mablag‘lardan kredit qarzdorligini undirish taqiqlanadi. Shuningdek, onlayn kredit rasmiylashtirish jarayonida mijoz roziligini ifodalovchi maydonchalar yoki kredit parametrlarini oldindan belgilab qo‘yish amaliyoti ham man etildi.

Banklar endi kredit ajratishda mijozlarga ehtimoliy tavakkalchiliklar haqida cheklist taqdim etishi shart.

Kreditlarni restrukturizatsiya qilish imkoniyatlari ham kengaytirilmoqda. Masalan, kredit to‘lovi muddatlarini uzaytirish, foiz stavkalarini qayta ko‘rib chiqish, shu jumladan, homiladorlik va tug‘ish ta’tilidagi ayollar uchun kredit to‘lovlarini 10 oygacha kechiktirish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish majburiyati kiritilmoqda.

Shuningdek, omonat yoki bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzishda banklar mijozlarni omonatlarni kafolatlash tizimi haqida xabardor qilishi lozim. Moliyaviy qiyin ahvolga tushgan yoki og‘ir hayotiy vaziyatda bo‘lgan fuqarolar uchun banklarda arizalarni ko‘rib chiqish tizimi yaratilishi va bu haqda rasmiy saytlarda ma’lumot berilishi talab etiladi.

Qarorda yana bir muhim tartib belgilandi — davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy nafaqa va yordam pullarini, jumladan ijtimoiy kartalarga tushadigan mablag‘larni qarz undirishga yo‘naltirish taqiqlanadi. Shuningdek, onlayn kredit rasmiylashtirishda mijoz roziligini avtomatik belgilash yoki kredit parametrlarini oldindan belgilangandan keyin o‘zgartishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank ayrim kredit tashkilotlari ijtimoiy nafaqalarni fuqarolar roziligisiz qarz to‘loviga avtomatik yechib olish amaliyotini qonunbuzarlik va insofsizlik deb baholagan edi.

Teglar

Mavzuga oid