O‘zbekistonda pasport yo‘qotganlik uchun jarima bekor qilinadi
Shuningdek, voyaga yetmaganlar sud bojidan ozod etiladi.

O‘zbekistonda fuqarolik pasporti yoki ID-kartani yo‘qotib qo‘yganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinib, faqat qo‘shimcha davlat boji undirish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, voyaga yetmaganlar sud bojidan ozod etilib, ilk bor ish qidirayotganlar uchun «ish o‘rganuvchi stajyor» tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 15-iyuldagi qarorida ma’lum qilindi.
Hujjatga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi hamda Adliya vazirligiga 2026 yilning oktabriga qadar pasport, ID-karta yoki xorijga chiqish pasportini yo‘qotib qo‘yganda yoki yaroqsiz holga keltirganda ma’muriy javobgarlikka tortmaslik va faqat qo‘shimcha miqdorda davlat boji to‘lash orqali yangi hujjatni rasmiylashtirish tartibini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Vazirliklar mazkur takliflarni belgilangan muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.
Sud bojidagi imtiyoz va «ish o‘rganuvchi stajyor» tizimi
Yangi hujjat bilan voyaga yetmagan shaxslarga o‘z huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish belgilanmoqda. Bu bo‘yicha Adliya vazirligi Bolalar ombudsmani va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli qonun loyihasini hukumatga kiritadi.
Bundan tashqari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yil sentabrga qadar «ish o‘rganuvchi stajyor» tizimini joriy qilish bo‘yicha taklif tayyorlaydi. Ushbu tizim bandlik sohasida ilk bor yoki boshqa sohada ish qidirayotganlar uchun shartnoma asosida haq to‘lanmaydigan, biroq mehnat daftarchasiga yozuv kiritilib, shtatdan tashqari 3 oygacha ishlab ko‘rish imkonini berishni nazarda tutadi.





