
O‘zbekistonda Rossiya investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar 3 mingdan oshdi
O‘zbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar soni besh yil ichida deyarli ikki baravarga oshdi.

2025 yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda chet el kapitalini jalb etgan 17 595 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, ularning 4 204 tasi qo‘shma korxonalar, 13 391 tasi esa to‘liq xorijiy korxonalardir. Keyingi besh yil ichida bu ko‘rsatkich 1,9 barobarga oshgan.
Ma’lum qilinishicha, xorijiy kapital manbalari bo‘yicha eng katta ulush Xitoyga to‘g‘ri keldi. O‘zbekistonda 4 731 ta Xitoy investitsiyasi ishtirokidagi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 3 177 ta korxona Rossiya, 2 090 ta korxona esa Turkiya kapitali asosida ishlamoqda.
Shu jumladan, iqtisodiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha eng ko‘p xorijiy korxonalar savdo sohasiga to‘g‘ri kelyapti. Ularning soni 6 286 taga yetdi. Sanoat tarmog‘ida 3 647 ta, qurilishda 1 358 ta, axborot va aloqa xizmatlarida 1 354 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, mehmonxona va ovqatlanish sohasida 725 ta, tashish va saqlashda 572 ta, qishloq, o‘rmon va baliqchilikda 437 ta, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda 206 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxona mavjud. Qolgan 3 010 ta korxona boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanadi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 465,9 mingta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda.





