
O‘zbekistonda «Shajara» axborot tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Bu bo‘yicha prezident huzuridagi taqdimotda taklif bildirildi. Yangi xizmatda o‘z shajarasini yaratish, genetik ma’lumotlar asosida uzoq qarindoshlarini izlash imkoni yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu taqdimotda 2030 yilga qadar arxiv fondining raqamlashuv darajasini 60 foizga yetkazish, alohida qimmatli va noyob hujjatlarni to‘liq raqamlashtirish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun sohadagi axborot tizimlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimiga birlashtirish, hujjatlarni radiochastotali identifikatsiya (RFID) texnologiyasi orqali hisobga olish va onlayn kuzatish tizimini joriy etish, hujjatlarni tasniflash va tanish jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish rejalashtirilgan. Tuman (shahar) arxivlarining vazifalari hududiy arxiv boshqarmalariga o‘tkaziladi.
Taqdimotda «Shajara» axborot tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Yangi xizmat foydalanuvchilarga o‘z shajarasini yaratish, tug‘ilish, nikoh va o‘lim haqidagi ma’lumotlarni, genetik ma’lumotlar asosida uzoq qarindoshlarini izlash imkonini yaratadi.
Shu bilan birga, yuridik ta’lim masalasi ham ko‘rib chiqildi. Talabalarning amaliyot darslari ulushi 50 foizga yetkaziladi, fuqarolik, jinoyat va biznes huquqi yo‘nalishlarida yuridik klinikalar tashkil etiladi. Zamonaviy huquq talablaridan kelib chiqib, «Raqamli huquq» va «Korporativ huquq va boshqaruv» kabi yangi ta’lim yo‘nalishlari ochiladi. Shuningdek, dastlab Milliy universitetda, keyinchalik yana 4 ta oliygohda «Intellektual mulk ob’ektlari menejmenti» yo‘nalishini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, taqdimotda ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan 800 ga yaqin me’yoriy hujjatni bekor qilish, 77 ta hujjatni qayta ko‘rib chiqish, tadbirkorlar uchun 15 dan ziyod ortiqcha talablarni qisqartirish orqali biznes yuritish sharoitlarini yengillashtirish rejalashtirilgan.





