O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash kodeksi ishlab chiqiladi

Bugun 11:551 daqiqa

Mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimini yagona huquqiy asosga solish maqsadida 2027 yil oxirigacha yangi kodeks ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash kodeksi ishlab chiqiladi © Google Maps / Madinabonu Xolmuminova

O‘zbekiston Respublikasida Sog‘liqni saqlash kodeksini ishlab chiqish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirning birinchi o‘rinbosari Alisher Boboyev raislik qildi va sohadagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda vazirlik boshqarmalari va tuzilmalari rahbarlari bilan bir qatorda xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi. Jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va UNICEF'ning O‘zbekistondagi vakolatxonalari ekspertlari jarayonga jalb qilingan.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda sog‘liqni saqlash sohasidagi munosabatlar 76 ta qonun va 400 dan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi. Bu esa tizimdagi huquqiy bazaning tarqoqligi va ayrim hollarda takrorlanish holatlarini keltirib chiqarayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan barcha normalarni birlashtiruvchi yagona kodeks ishlab chiqish zarurati ta’kidlandi. Kodeks loyihasini tayyorlashda xalqaro tajriba va ekspertlar fikriga tayanish rejalashtirilgan.

Rejaga ko‘ra, mazkur hujjatni ishlab chiqish 2027 yil dekabrigacha yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Bu orqali sohadagi qonunchilikni tizimlashtirish va yagona huquqiy manbani shakllantirish imkoniyati yaratiladi.

Kodeks qabul qilinishi natijasida qonunosti hujjatlar soni qisqarishi, tibbiyot xodimlarining ijtimoiy himoyasi kuchayishi va aholining malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi yanada mustahkamlanishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid